Namanganda monoblok ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
Mamlakatimizda, shu jumladan, Namangan viloyatida mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarish sur’atini oshirish, yangi mahsulot turlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bu bugungi jadal taraqqiy etgan axborot- kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o‘z samarasini bermoqda.
Namangan shahrining tarkibidagi Yangi Namangan tumanida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Xenor X New Brend” korxonasi tomonidan 24 dyuymli monoblok kompyuterlar ishlab chiqarish boshlandi. Loyihani amalga oshirish uchun Xitoydan 100 ming AQSH dollari qiymatida zamonaviy texnologiya olib kelindi.


Ishlab chiqarish jarayonida mahsulotning 60 foizi import xomashyolar asosida, 40 foizi esa mahalliy materiallar hisobiga yig‘ilmoqda. Korxonada yillik uch ming dona mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda korxonada 10 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Ushbu tashabbus esa, Namangan viloyatida monoblok ishlab chiqarish yo‘nalishidagi dastlabki loyihalardan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA