Namanganda gullar bayramiga tayyorgarlik qizg‘in
Gullar shahri – Namanganda yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan katta-yu kichik go‘zallik va nafosat, qadriyat va muhabbat, hurmatu ehtirom ramzi sanalgan gullarga alohida mehr qo‘ygan. Ayniqsa, fasllar kelinchagi bahor oylarida orastalik va fayzu barakotning muhim omili sifatida mahallalar, har bir ko‘cha, xiyobonu xonadonlar gullarga burkanadi.
Namangan shahrida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan nafosat bayramining yubiley – 65-xalqaro gullar festivali shu yilning 24-mayidan 12-iyulga qadar, ya’ni ellik kun davom etadi. E’tirof etish darkor, o‘tgan asrning oltishinchi yillarida boshlangan go‘zallik namoyishining nufuzi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan yanada ortdi. 2018-yildan buyon ushbu turizm shodiyonasi xalqaro festival maqomida nafaqat hamyurtlarimiz, balki yuz minglab xorijliklarni ham birdek rom etib kelmoqda.
Xo‘sh, joriy yildagi festival qanday jihatlari bilan avvalgilari bilan tubdan farq qiladi? Go‘zallik shaydolari – gul ixlosmandlari Namanganda qanday yangilik va o‘zgarishlarni kuzatishi mumkin? Festival davomida qanday ko‘ngilochar tadbirlar rejalashtirilgan? Bu haqda O‘zA muxbiriga Namangan viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Botirxon Nuriddinov quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Elimizning bunyodkorligi, hamjihatligi va estetik didini namoyon etuvchi, Namangan viloyatining o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan gullar festivalining shonli sanasi munosabati bilan Namangan shahri, uning Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari bo‘ylab 120 turdagi 150 million tup gul ko‘chatlari zamonaviy landshaft-dizayn asosida ekildi. Bunday tashabbus jahon jamoatchiligi e’tiborini qozonib, “Bir oy davomida jamoaviy tarzda eng ko‘p gul ekish” yo‘nalishida Ginnesning rekordlar kitobidan (“Guinnes World Rekords”) joy olishi kutilmoqda. Demak, rekord darajadagi ko‘rsatkichda o‘tqazilgan gullar 2018-yildagi 4,5 million navnihollarga nisbatan qariyb 30 baravar o‘sishdir.
Festival doirasida 150dan ziyod turli madaniy va ma’rifiy tadbirlar – teatr va sirk tomoshalari, gala konsertlar, modalar haftaligi, sanoat yarmarkasi singari xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlar o‘tkaziladi. Aytish lozimki, so‘nggi olti-yetti yildan buyon jahon va milliy estrada yulduzlari o‘z musiqiy dasturlari bilan nafaqat mamlakatimiz, balki boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridan festivalga kelgan minglab muxlislariga shodlik ulashmoqda. Ular orasida O‘zbekiston milliy simfonik orkestrining “ochiq osmon” ostidagi jonli ijrodagi konsertini opera ixlosmandlari intiqlik bilan kutishadi.
Qolaversa, “Fashion day’s 2026” xalqaro moda kuni, sportning shotokan karatedo turi bo‘yicha xalqaro ochiq turnir, aralash jang san’ati bo‘yicha professional sportchilar o‘rtasida “Amur Temur” xalqaro turniri, “Xalqaro etnosport o‘yinlar”, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan erkin va yunon-rum kurash turlari bo‘yicha “O‘zbek botirlari – Grand Prix” III xalqaro turniri kabi sport musobaqalari; turli sohalar bo‘yicha ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar; kattalar va bolalar uchun spektakllar hamda sirk tomoshalari; askiya va kulgu kechalari; “Dunyo taomlari Namanganda” gastronomik festivali; “Lavanda sayli” va zamonaviy “Dron-shou”lar tashkil etiladi.
Shuningdek, yirik xalqaro tadbirlar – “Festival doirasida eng ko‘p ekilgan gul” nominatsiyasi yo‘nalishida “Ginness rekordlar kitobiga” kirish tadbiri, “Osiyo ishbilarmon ayollari xalqaro forumi”, “Namangan turizm salohiyati inflyuyenserlar nigohida” xalqaro forumi, “Axsikent tarixi: yangicha qarash, tahlil va tadqiqotlar” mavzuida xalqaro anjuman, “Namangan III xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasi”, “Kinokarvon” loyihasi, “Hindiston madaniyat kunlari” bollivud shou singari tadbirlar o‘rin olgan.
Ayni kunlarda viloyatimizdagi mavjud 734 ta mahalla fuqarolar yig‘ini o‘rtasida e’lon qilingan “Eng gulzor – eng obod mahalla” ko‘rik-tanlovi” ayni paytda shahar va tumanlarda qizg‘in pallaga kirib bormoqda. “Namangan tajribasi” sifatida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchi Prezident sovg‘asi – avtomashina bilan taqdirlanadi.
“Gullar shahri” ta’rifi faqat tantanali emas, strategik investitsiyaviy ahamiyatga ham ega. Shu boisdan ham 2026-yilgi 65-Xalqaro gullar festivalining dasturi va targ‘ibot materiallari ishlab chiqilib, ommaviy axborot vositalari, internet jahon axborot tarmog‘i orqali keng targ‘ib etilmoqda. Jumladan, “BBC Uzbek”, “Euronews”, “Anadolu”, “Kazinform”, “Kabar”, “Ria Novosti”, “Sinxua”, “Fars news” kabi o‘nlab yetakchi xorijiy ommaviy axborot vositalarida ushbu tadbir muntazam yoritilib kelinmoqda.
Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalari va konsullik vakolatxonalari bilan doimiy muloqot o‘rnatilib, xalqaro turizm yarmarka va ko‘rgazmalari hamda Yevropa va Osiyo mamlakatarida “Xalqaro gullar festivali” haqida “Road show” namoyishlari o‘tkazildi.
Qayd etish joizki, o‘tgan yilgi festival davomida Namanganga 750 mingga yaqin xorijiy turistlar hamda 5 millionga yaqin mahalliy sayyohlar tashrif buyurgandi. Ularning asosiy qismini qo‘shni Qirg‘iz Respublikasidan kelgan qardoshlarimiz tashkil etdi. Bu yil ham yon qo‘shnilarimiz festivalga ko‘tarinkilik bilan katta jamoa bo‘lib, tashrif buyurishni mo‘ljallashgan. Ayniqsa, Qirg‘izistondagi bir qator turoperatorlar Namanganga – xalqaro gullar festivaliga mo‘ljallangan sayohat takliflarini ilgari surmoqda. Festival boshlanmasidanoq Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasidan mehmonlarning tashrifi kuzatilmoqda.
– Internet va oynai jahon orqali efirga berilayotgan gullar bayramiga doir targ‘ibot roliklarini ko‘rib, dugonalarim bilan birga vodiy tomon oshiqdik. Yaqinda barpo etilgan “Uchqo‘rg‘on – Kengsay” chegara maskani yo‘limizni yanada yaqin qildi, – deydi Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyatidan kelgan turist Maksuda Umrzoqova. – Namangan menga begona emas, 1980-1982-yillarda bu yerda qishloq xo‘jaligi texnikumida tahsil olganman, hozirga qadar mutaxassisligim bo‘yicha ish olib boryapman. Chindan ham Namangan – gullar shahri deyilganicha bor ekan. Bir-biridan ajoyib, kishini ohangrabodek o‘ziga rom qiladigan gullardan zavq oldik. Nasib qilsa, bayram kunlarida ham oilaviy va jamoaviy bo‘lib, kelamiz.
Festivalning yildan- yilga nufuzi va qamrovi oshib borayotgani nafaqat turizm salohiyatini oshirish, o‘z navbatida, Namanganda xizmat ko‘rsatish hajmi ortishiga xizmat qilmoqda. Xususan, 2026-yilning birinchi yarim yilligida serviz hajmi 8 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 123 foizga o‘sishi kutilmoqda. Joriy yildagi festivalga dunyoning 50 dan ortiq davlatlaridan 1 milliondan ortiq xorijiy hamda 7 million mahalliy turist va ekskursantlarning tashrifini kutmoqdamiz.
E’tiborlisi shundaki, festivalda faol ishtirok etganlar yubiley sanasi munosabati bilan “Xalqaro gullar bayramining 65 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
[gallery-29561]
Darvoqe, 65-xalqaro gullar festivalida nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan ham tajribali va havaskor gul yetishtiruvchilar ishtirok etadi. Landshaft dizayni mutaxassislari esa, o‘z san’at namunalarini namoyish qiladi. Qatnashish istagini bildirgan korxona va tashkilotlar dizaynning o‘ziga xosligi va gullarni bezash mahorati bo‘yicha bellashadi. Tanlov g‘oliblari festivalning tantanali taqdirlash marosimida avtomobil hamda boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Xullas, gullar bayrami millatlar va xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirib, do‘st sifatida birlashtiradi. Qolaversa, xalqaro festival yurtimizdagi gulchilik an’analarini, Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirish, investitsiya jozibadorligini keng targ‘ib etish hamda ichki va tashqi turizm rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
Chunonchi, Namangan gullarining dong‘i dunyo bo‘ylab muattar iforini berayotgandek, jahon gullari ham Namangan gulchilari mehrini his qilayotgandek... Zotan, osuda va obod, farovonlik qaror topgan joylardagina tinchlik va bunyodkorlik ramzi – gul va gulzorlarga e’tibor bo‘ladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri