Namanganda forum: Yangi O‘zbekistonning baxtli yoshlari
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida Prezidentimizning 2020 yil 17 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Energetika vazirligi hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” ezgu g‘oyasini o‘zida mujassam etgan “Yangi O‘zbekistonning baxtli yoshlari” forumi tashkil etildi.
Farg‘ona vodiysida o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik loyiha hisoblangan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi davlatimiz rahbarining 2016 yil 30 dekabrdagi “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasining qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bunyod etilgan.
Loyiha qiymati 1,1 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan o‘ziga xos energetik inshootning qurilishi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) investitsiya mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek energetika tarmog‘ining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
So‘nggi besh yillikda amalga oshirilgan o‘ziga xos va analogi dunyoda kam bo‘lgan issiqlik elektrstansiyasining qurilishida - “Mitsubishi Corporation” va “Mitsubishi Hitachi Power Systems” yapon kompaniyalari konsorsiumi, “Traktabelda” hind kompaniyasi, “Calik Enerji” turk kompaniyasi ishtirok etgan. Korxonaning qurilishida jami 2200 dan ortiq mutaxassis va quruvchilar jalb etilgan.
Ushbu yangi zamonaviy inshootning qurilishi va foydalanishga topshirilishi natijasida Farg‘ona vodiysi mintaqasida jami energetik quvvatlar miqdori 313 MVt dan 1212 MVt ga oshdi.
Bu bilan nafaqat, mamlakatimiz, balki Farg‘ona vodiysi elektroenergetik xavfsizligi sezilarli darajada mustahkamlandi. Iste’molchilar ehtiyojining barqaror ta’minlanishi natijasida mintaqada, umuman mamlakat miqyosida iqtisodiy o‘sishga, ijtimoiy rivojlanishga ko‘maklashishiga erishildi. Elektroenergiya ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy va samarali texnologiyalarning bosqichma-bosqich joriy qilinishi jadallashtirildi. Yoqilg‘i-energetik zaxiralaridan samarali va to‘g‘ri foydalanish darajasi keskin oshdi.
Hozirgi kunda stansiyada 1 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 226 gramm shartli yoqilg‘i sarflanmoqda. Stansiyada bir yil davomida 6,7 milliard kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 1,36 milliard kubometr gaz yoqilg‘isi sarflanadi va foydali ish koeffitsiyenti 57,46 foizni tashkil etadi.
Yoshlar forumini aynan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida tashkil etilishidan maqsad ham Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu noyob inshoot bilan yoshlarimizni yaqindan tanishtirishdan iborat. Forumda yurtimizning turli hududlarida joylashgan issiqlik elektr stansiyalari, energetika korxonalarining yosh xodimlari, shuningdek, Namangan viloyatining faol yoshlari ishtirok etdi.
Forum tadbirlari viloyatdagi so‘lim maskanlardan biri – “Shahand” sihatgohining yashil xiyobon hududida futbol, stol tennisi va shaxmat bo‘yicha musobaqalar bilan boshlandi. Ushbu ommaviy sport bellashuvlarida tizimda mehnat qilayotgan 160 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.
Millionlar o‘yinidagi bahslarda barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan Qashqadaryo viloyatining Talimarjon IES jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
[gallery-3572]
“Aql gimnastikasi” sifatida e’tirof etiladigan shaxmat bellashuvlarida o‘z intellektual salohiyatini to‘laqonli namoyon eta olgan Navoiy IES xodimi Asljon G‘afforovga teng keladigan raqib topilmadi. Stol tennisi uchrashuvlarida chiroyli o‘yinlari bilan e’tiborni tortgan Farg‘ona issiqlik elektr markazi ishchisi Botirali Hakimov faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Issiqlik elektr stansiyalarida juda muhim yo‘nalishlar hisoblangan yong‘in xavfsizligini ta’minlash va personalga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bellashuvlarda ishchi-xodimlarning bu boradagi bilim va mahoratlari sinovdan o‘tkazildi.
Yosh energetik ishtirokchi jamoalarning mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi, ya’ni mehnat muhofazasi, ish jarayonida xavfsizlik texnikasiga rioya etish qoidalari bo‘yicha bilim darajasi va malakasi tajribali mutaxassislar tomonidan baholab borildi. Mazkur bellashuvlarda To‘raqo‘rg‘on va Navoiy IES jamoalarining chiqishlari yuqori ballga munosib ko‘rildi.
– Forum mamlakatimizning turli viloyatlarida faoliyat yurituvchi hamkasblarimizni bir ezgu maqsad yo‘lida birlashtirdi, – deydi Sirdaryo viloyatining Shirin issiqlik elektr stansiyasi 2-qozon trubina mashinist kuzatuvchisi Dilnoza Muhammadiyeva. – O‘zaro muloqot va tanlovlarda bir-birimiz bilan o‘zaro tajriba almashyapmiz. Xususan, xodimlar xizmat jarayonida elektr toki ta’siriga tushib qolgan favqulodda vaziyatlarda ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda nimalarga e’tibor qaratish borasida zaruriy bilimlarga ega bo‘ldik. O‘rganganlarimizni stansiyaga borganda, albatta keng ommalashtiramiz.
Forumda “Nuroniylar tajribasi – yoshlarimiz uchun hayot maktabi” mavzuida “Uch avlod” uchrashuvi ham o‘tkazildi. Unda mehnat faxriylari, xususan energetika tizimida uzoq yillar mehnat qilgan nuroniylar so‘nggi yilarda yurtimiz, xususan vodiy viloyatlari aholisini elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, hududda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar haqida gapirib berdi.
– Yoshim 80da, 25 yildan ortiq energetika sohasida turli vazifalarda ishladim, – deydi Tursunali Abduqahhorov. – Turli qiyinchiliklarni boshimizdan kechirgan paytlar bo‘lgan. Yaqin-yaqingacha ta’minotdagi uzilishlar, grafik cheklovlar sababli hatto uyimizni shamchiroqlarda yoritgan vaqtlar ham kuzatilgan. Bu qiyinchiliklar, so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar natijasida ortda qoldi.
Faol yoshlar rag‘batlantirildi. Shuningdek, energetika tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishga shartnoma to‘lovlarini amalga oshirish uchun 20 nafar o‘g‘il-qizga grant sertifikatlari topshirildi.
– Energetika sohasida 11 yildan buyon ishlab kelyapman, ammo soha bo‘yicha oliy ma’lumotga ega emasdim, – deydi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi ishchisi Nargiza Suvonova. – Anchadan beri dilimga tugib qo‘ygan orzuimga bugun ershdim. Energetika vazirligi va Issiqlik elektr stansiyalari aksiyadorlik jamiyatining ko‘magi bilan Namangandagi oliy ta’lim muassasasida energetika yo‘nalishida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Tadbir davomida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA