Namanganda ekstremal turizm rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati relefi, tabiati jihatidan turizm imkoniyatlariga boy hudud sanaladi. So‘nggi yillarda viloyatda ayniqsa, ekstremal turizm rivojlanib bormoqda. Dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan «Qamchiq» dovonida tashkil etilgan Pop qorsaroyi ana shunday turizm maskanlaridan.
Mazkur dam olish maskanida dekabr, yanvar, fevral va hattoki mart oylarida ham qor erimaydi. Bu qorni sog‘inganlar uchun ayni muddao. 230 metrli yaxmalakda uchish ayniqsa, juda zavqli. Har kuni yuzlab mahalliy sayyohlar maxsus havo yostiqchalari yordamida sirpanish zavqidan bahramand bo‘lmoqda.
Shuningdek, qorsaroyida 430 metr uzunlikdagi osma dor yo‘li ham ishga tushdi. Ayni kunlarda oilaviy dam oluvchilar uchun kempinglar qurish ishlari davom etmoqda.
Sayyohlarni maroqli hordiq chiqarishlari uchun Pop tumaniga xos bo‘lgan jihatlarga alohida yondashilmoqda. Masalan, tashrif buyurayotgan mehmonlar uchun mazali patirlarini xarid qilish imkoniyati yaratilgan. Ta’kidlash joiz, kelgusida qurilayotgan kempinglar uchun quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha subsidiya ajratiladi. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan yana 5 gektarli maydonda dam olish maskani barpo etish rejalashtirilgan.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA