Namanganda “DXX kubogi” viloyat bosqichi g‘oliblari taqdirlandi
FOTOREPORTAJ
Namangan shahridagi “Uch favvora” xiyobonida futbol va mini-futbol bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqasining Namangan viloyati bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi hamda gala-konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mutasaddi tashkilotlar vakillari, sportchilar, murabbiylar, hakamlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar ommaviy sportni rivojlantirish, mahallalarda futbolni ommalashtirish va yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etishda mazkur musobaqaning ahamiyatini ta’kidladi.
Musobaqada yuqori natija qayd etgan jamoalar, shuningdek, uni yuqori saviyada tashkil etishga hissa qo‘shgan faollar va hakamlar diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-30464]
Futbol bo‘yicha bahslarda Davlatobod tumanining To‘quvchi mahallasi birinchi, Kosonsoy tumanining Olmazor mahallasi ikkinchi, Yangiqo‘rg‘on tumanining Yuqori Navkent mahallasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Mini-futbol yo‘nalishida Namangan shahrining Dambog‘ mahallasi birinchi, Kosonsoy tumanining Navbahor-1 mahallasi ikkinchi, Uchqo‘rg‘on tumanining Navbahor mahallasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Qizlar o‘rtasidagi musobaqada Namangan shahrining Alpomish mahallasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar Uchqo‘rg‘on tumanining Bahriobod va Pop tumanining Vodiy mahallalari jamoalariga nasib etdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga kubok, medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA