Namanganda boks rivojlanmoqda, ammo muammolar ham bor
Aytish joizki, boks mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarning eng sevimli sport turlaridan biriga aylangan. Bokschilarimiz jahon ringlarida 2016 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan nufuzli musobaqalarning deyarli barchasida zafar qozonib, yetakchilikni qo‘ldan bermay kelyapti.
Namanganlik sport ixlosmandlari “Rio-2016” yozgi Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sovrindori, professional boksning yengil vazn toifasida jahon chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi Murodjon Ahmadaliyevning xalqaro arenalarda erishayotgan muvaffaqiyatlaridan g‘urur va iftixorga to‘ladi.

Xalqaro boks maydonida sportchilarimiz egallagan bunday yuqori reyting esa yoshlarning boksga bo‘lgan ommaviy qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash tizimini yanada takomillashtirish, mutaxassislar tayyorlash va moddiy rag‘batlantirish, shuningdek, o‘zbek boksining dunyoda yetakchiligini saqlab qolish uchun katta yo‘l ochdi.

Bu borada Prezidentimizning 2021 yil 29 apreldagi “Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qonuniy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatda boksni aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Davlatimiz rahbarining qarori ijrosini ta’minlash, qolaversa, boksning ommaviyligini oshirish borasida Namangan viloyatida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda viloyat hududlarida boks bo‘yicha mashg‘ulot olib borish uchun 70 ta sport inshootida 37 ta ring mavjud, ularda 109 nafar malakali murabbiy faoliyat yuritib kelmoqda. Trenerlarning 39 nafari oliy ma’lumotga ega bo‘lib, ayni vaqtda to‘qqiz nafari oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda.

Viloyatdagi sport inshootlarining 37 tasi tadbirkorlik sub’ektlariga qarashli. 16 ta umumta’lim maktabi, 10 kasb-hunar texnikumi va boshqa yetti sport inshootida charm qo‘lqop ustalari tayyorlanib kelinayotgani e’tiborga molik.
O‘tgan 2023 yilga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘nlab iqtidorli charm qo‘lqop ustalari O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida nufuzli musobaqalarda qatnashib, salmoqli natijalarga erishdilar.

Jumladan, Tailand poytaxti Bangkok shahri mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida A’loxon Abdullayev (75 kilogramm vazn) va Jasurbek Yo‘ldoshev (80 kg.) barcha raqiblarini yengib, qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi. Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Fazliddin Erkinboyev (80 kg.) oltin medal va chempionlikka munosib ko‘rildi. Rahmatillo Boymatov, Ruxshona Parpiyeva, Shahboz Ergashev, Mushtariybonu Ibrohimjonova va Diyora Abdumannopova kumush medaliga loyiq topildi. Muhammadg‘iyos Sobitxonov kuchli uchlikka kirib, terma jamoamiz g‘aznasiga bronza medalni yozdirib qo‘ydi.Iqtidorli bokschilardan sanalgan, sportchilar sulolasi vakili A’loxon Abdullayev poytaxtimizda o‘tkazilgan navbatdagi jahon chempionatida 75 kilogramm vaznda yarim finalga qadar mag‘lubiyatsiz yetib kelib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Namanganda boksni yanada rivojlantirish borasida o‘z yechimini kutayotgan talay masalalar, hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar ham yo‘q emas. Bugungi kunda viloyat boks federatsiyasining alohida ofisi mavjud emas. Federatsiya mebel va texnika jihozlari bilan ta’minlanmagan. Vaholanki, shahar va tumanlarda sport maktablarida foydalanilmay kelinayotgan bo‘sh xonalar bisyor.
Qolaversa, viloyatning tog‘li hududlari sanalgan Pop, Chust, Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida boks federatsiyasining o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish uchun bazalar tashkil etish; homiy tashkilotlaridan tushgan mablag‘lar hisobidan mahalliy sportchilarning respublika va xalqaro miqyosidagi musobaqalarga, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga muntazam ishtirokini ta’minlash hal etilishi zarur bo‘lgan muhim masalalar sirasiga kiradi.
O‘ylaymizki, Namanganda boks rivoji va uning ommaviyligiga befarq bo‘lmagan tegishli mutasaddi tashkilotlar – viloyat hokimligi, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi, viloyat sport boshqarmasi mas’ul vakillari ushbu masalalar yechimiga jiddiy ahamiyat qaratadi.
Zero, xalqaro boks maydonida sportchilarning o‘rni va nufuzini qo‘ldan boy bermaslik uchun yoshlarning boksga bo‘lgan ommaviy qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash tizimini yanada takomillashtirish, boks bo‘yicha mutaxassislarini tayyorlash va ularning moddiy rag‘batlantirilishini yaxshilash, shuningdek, o‘zbek boksining dunyodagi yetakchiligini saqlab qolish uchun qabul qilingan qarorning ijrosini to‘laqonli ta’minlash uchun bu kabi muammolarga jiddiy e’tibor qaratish taqozo qilinadi..
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri