Namanganda bankomatlar soni qancha?
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bank-moliya tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirish, plastik kartalar bilan hisob-kitob qilish mexanizmini ishlab chiqishda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Buning yorqin isbotini Namangan viloyatida amalga oshirib kelinayotgan izchil sa’y-harakatlar misolida ko‘rish mumkin. Markaziy bank viloyat boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga viloyat shahar va tumanlari hududidagi banklar va bank xizmati ko‘rsatish markazlariga 209 ta “Humo” hamda 134 ta “Uzkard” bankomati o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan kecha-kunduz uzluksiz foydalanilishi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur jarayon Markaziy bankning alohida nazoratiga olingan.
Bundan tashqari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hamda tadbirkorlarning savdo nuqtalarida 9 ming 993 ta “Humo” va 13 ming 284 ta “Uzkard” terminali uzluksiz ishlab turibdi. Muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni esa 1 million 278 ming donaga yetkazildi.
2020 yilning o‘tgan davrida bank kassalariga 8 trillion 886 milliard so‘m naqd pul jalb qilindi. Joriy yilda esa 9 trillion 775 milliard so‘m naqd pul jalb qilinishi mo‘ljallanmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA