Namangan viloyatining ayrim tumanlari chegaralari o‘zgartiriladi
Avval xabar berilganidek, bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ham qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Dastlab fraksiya a’zolari «Davlat moliyaviy nazorati tizimi hamda beg‘araz yordam doirasida keltirilgan tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
— Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish, byudjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini kuchaytirish, masofaviy moliyaviy nazoratni kengaytirish, davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, — fraksiya a’zosi Sharofiddin Nazarov. — Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksidan Moliya vazirligining aksiz solig‘ini to‘g‘ri va o‘z vaqtida hisoblashni nazorat qilish funksiyasini chiqarib tashlash ko‘zda tutilmoqda. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining faoliyatini huquqiy ta’minlash hamda beg‘araz yordam doirasida keltirilgan tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Deputatlar qonun loyihasidagi normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar. Atroflicha muhokamalardan so‘ng loyiha qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga volontyorlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi hamda «Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tuman va Namangan shahrining Davlatobod tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarori loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
Yakunda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA