Namangan viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasida yangi rahbar ish boshladi
Oqiljon Hasanov 1989-yil 5-sentabrda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2011-yili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi – filolog. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi a’zosi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining tegishli buyrug‘i bilan Oqiljon Olimovich Hasanov Namangan viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U mazkur lavozimda ishlagan Baxtiyor Mirzatovning o‘rnida ish boshladi.
Oqiljon Hasanov mehnat faoliyatini 2011-yilda Namangan viloyati hokimligida tashkiliy-nazorat guruhi mutaxassisi sifatida faoliyatga kirishgan. Keyinchalik u turli yillarda Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi, Namangan shahridagi 80-sonli umumta’lim maktabi, Yoshlar ishlari agentligi Namangan shahri bo‘limi, Namangan shahar hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Davlatobod tumani hokimligida turli mas’ul va rahbarlik vazifalarida ish olib borgan.
Tayinlovga qadar, ya’ni 2025-yil oktabr oyidan buyon Namangan viloyati hokimligining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar kotibiyati mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.