Namangan viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Namangan viloyatini respublikaning sanoat, kichik biznes va tadbirkorlik markaziga aylanishida hududlarda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarning natijalari beqiyos ahamiyatga ega.
Namangan shahrining Yangi Namangan tumanidagi “Sifat tikuv servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 50 nafar xodimni ish bilan ta’minlab kelmoqda. Korxona “Nazzaro” brendi ostida erkaklar uchun zamonaviy uslubdagi kiyim-kechaklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

O‘tgan yilda jamiyat tomonidan Tojikistonga umumiy qiymati 150 ming AQSH dollariga teng mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda esa ushbu ko‘rsatkichni 250 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Qolaversa, ichki bozorga bugungacha 1 milliard so‘mlik mahsulot yo‘naltirilgan bo‘lsa, yil oxirigacha bu raqam 1 milliard 200 million so‘mdan ortishi kutilmoqda.

***
Davlatobod tumanida faoliyat olib borayotgan “Universal Box” mas’uliyati cheklangan jamiyatida gofra qog‘oz ishlab chiqarishning yangi quvvatlari yaratildi.

Ilgari asosan karton qutilar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan korxonada endilikda bu qutilar uchun zarur bo‘lgan gofra qog‘ozlar mahalliy sharoitda ishlab chiqarilmoqda. Bu esa mahsulot tannarxini kamaytirish, import o‘rnini bosish hamda ishlab chiqarish jarayonini to‘liq yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlari yiliga 2-3 ming tonna gofra qog‘oz hamda 7-9 million dona karton quti ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Loyiha ishga tushirilishi natijasida korxonadagi ishchilar soni 80 kishiga yetkazildi.
Shuningdek, korxona tomonidan 100-150 ming AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirilmoqda.
***
Chortoq tumanidagi "Chortoq halol chorva" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy chorvachilik kompleksi barpo etildi.
Aholini arzon va sifatli go‘sht hamda go‘sht mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan ushbu kompleksda Rossiya, Belarus, Xitoy va Dog‘istondan keltirilgan simmental, angus va gereford zotli nasldor qoramollar parvarishlanadi.

Shuningdek, majmua hududida 100 tonna sig‘imga ega zamonaviy muzlatkich hamda aholini arzon va sifatli go‘sht mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qilayotgan qushxona faoliyat yuritmoqda.

Bunday loyihalar aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorda go‘sht mahsulotlari narxining barqarorligini saqlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda chorvachilikni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
***
Namangan shahriga sog‘liqni saqlashning travmatologiya yo‘nalishi bo‘yicha eng so‘nggi rusumdagi yangi zamonaviy tibbiy jihozlar keltirilmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialini zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash loyihasi doirasida Namangan viloyati hokimligi va Avstriyaning “AME International GmbH” kompaniyasi o‘rtasida 10 million yevro miqdorida shartnoma imzolangan edi.

Shunga asosan hozirga qadar mazkur shifo maskaniga 63 xil turdagi 329 dona 9,6 million yevro qiymatidagi asbob-uskunalar va jihozlar yetkazib berildi.
Shartnomaga asosan shu yil yakunigacha qolgan yetti xil turdagi 16 dona 400 ming yevro qiymatidagi asbob-uskunalar va jihozlar ham yetkazib kelinadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri