Namangan - Afg‘oniston: transport logistikasida hamkorlik
Bugungi kunda yurtimizning ma’muriy hududlarida xalqaro hamkorlik aloqalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, keyingi yillarda Namangan viloyatida investitsiya oqimini jadallashtirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Avstriya, Qatar, Germaniya, AQSH kabi davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar samara bermoqda. Hamkorlar safidan yana bir yon qo‘shni mamlakat – Afg‘oniston Islom Respublikasi ham joy olyapti.
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 28-30-mart kunlari Namangan viloyati delegatsiyasi Afg‘onistonga amaliy xizmat safari bilan bordi.
Poytaxt Qobul va Mozori Sharif shaharlaridagi biznes forumlar hamda ikki hudud tadbirkorlari o‘rtasidagi uchrashuvalar samarali bo‘ldi: umumiy qiymati 621,3 million dollarlik 27 ta kelishuv imzolandi. Xususan, parrandachilikka ixtisoslashgan “Golden egg of Namangan” korxonasi tomonidan Mozori Sharif shahrida “Ibrahim Mansoor” kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik investitsion loyihaga start berildi.

Afg‘onistonlik hamkorlar ham o‘z navbatida investitsiya kiritish maqsadida Namangan viloyatiga keldi. Shulardan "Mansoor Sekander" kompaniyasi transport logistikasi yo‘nalishida faoliyat yuritish uchun Namanganda qo‘shma korxona tashkil etishni maqsad qilgan.
Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamda afg‘onistonlik tadbirkor o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi va Tojikiston bilan chegara-bojxona maskanlari barqaror faoliyat ko‘rsatayotgani, Namangan ushbu yo‘nalishda muhim ahamiyatga ega lokatsiyada joylashgani ta’kidlandi.

Ayniqsa, Xitoy hamda Rossiyadan Afg‘onistonga olib kelinayotgan yuklarni tashish uchun bu hudud qulay hisoblanadi. Avvaliga 50 ta, bir yil ichida umumiy hisobda 1000 ta og‘ir yuk tashuvchi mashina bu logistika xizmatidan foydalanadi.
Samimiy va qizg‘in kechgan uchrashuvda Namangan-Afg‘oniston tadbirkorlari hamkorligini yanada mustahkamalash va kengaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA