Nadia Zakarian: Davlatlar hamkorligi odamlar muloqoti va ishonchiga ham tayanadi
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida turizm, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi, madaniy hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolanishi hamda turizm bozorida o‘zaro qiziqishning ortishi bu jarayonni jadallashtiryapti.
Ayniqsa, bunda halol turizm, oilaviy dam olish va madaniy meros yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida baholanadi.

Ushbu davlatga tashkil etilgan press-tur doirasida Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vazirligi huzuridagi Malayziya turizm agentligi xalqaro targ‘ibot bo‘limi katta yordamchi direktori Nadia Zakarian bilan suhbatimizda ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik aloqalar va hamkorlik istiqbollari haqida so‘z bordi.
–Suhbat avvalida mamlakatlarimiz o‘rtasida turizm sohasi bo‘yicha hamkorliklar haqida to‘xtalib o‘tsangiz. Bu sohada qanday sa’y-harakatlar boshlangan?
–Davlatlarimiz o‘rtasida do‘stona aloqalar mustahkamlanaversin. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, turizm faqat iqtisodiy sohani emas, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish, madaniy yaqinlik va do‘stlikni mustahkamlashda ham muhim o‘rin tutadi. 2025-yilda ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida madaniyat sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum (MoU) imzolandi. U turli madaniy sohalarda tajriba almashishga turtki beruvchi muhim hujjat hisoblanadi.
Mazkur hamkorlik xalqaro san’at festivallari, simpoziumlar va ikki tomonlama seminarlar kabi platformalar orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu memorandum madaniyatni zamonaviy diplomatiyaning muhim qismi sifatida rivojlantirishga qaratilgan ikki davlat intilishini aks ettiradi. Shuningdek, bu Malayziyaning mahalliy kreativ industriyani qo‘llab-quvvatlash siyosatiga mos keladi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2025-yilda qariyb o‘ttiz nafar malayziyalik turizm kompaniyalaridan iborat delegatsiya yurtingizga ishchi tashrif bilan bordi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa ushbu soha bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash va imkoniyatlarni o‘rganishga qaratildi.
Ushbu tashrif O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi. Bir haftalik safar davomida delegatsiya Toshkent, Samarqand, Buxoro va Jizzax kabi asosiy turistik manzillarga tashrif buyurdi. Ular madaniy meros ob’ektlari, islomiy turistik joylar va turistik infratuzilma loyihalari bilan tanishdi. Shu bilan birga, davlat idoralari va biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, yangi turistik mahsulotlar va marketing tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Delegatsiya Kuala-Lumpurdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys bilan kelgani ham aviaqatnovlarning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Albatta, bu kabi tadbirlar tomonlarning soha istiqbolini belgilashda katta imkoniyat.
–So‘nggi paytlarda O‘zbekistondan Malayziyaga boruvchi sayyohlar soni qanday dinamikani ko‘rsatmoqda?
– 2025-yilda Markaziy Osiyo bozori oldingi davrga nisbatan ancha ijobiy o‘sishni namoyon etdi. Bu o‘sishga, avvalo, yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ochilishi katta ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, 2025-yil 16-oktabrda “AirAsia” aviakompaniyasi Toshkent - Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga uch marta amalga oshiriladigan reysni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, 2025-yil 15-dekabrda “Batik Air Malaysia” aviakompaniyasi Toshkent - Langkavi yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga bir marta qatnaydigan reysni ishga tushirdi. Bu yo‘nalishlar transport imkoniyatlarini yaxshilab, Malayziyani mintaqada jozibador turistik manzil sifatida tanitishga xizmat qildi.
Asosan oilaviy sayohatchilar, sokin plyaj dam olishini afzal ko‘radigan turistlar hamda halol turizm yoki musulmonlarga mo‘ljallangan sayohat turlariga qiziquvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bundan tashqari, faol dam olish turlariga ham qiziqish ortib bormoqda. Turistlar trekking, tog‘ velosipedida sayr qilish yoki tabiiy manzaralarni faol tarzda o‘rganishni ham ko‘proq tanlamoqda.
– Markaziy osiyolik sayyohlar uchun Malayziyadagi qaysi shaharlar eng qiziqarli va jozibador hisoblanadi? Ularning diqqatini jalb qiluvchi asosiy omillar nimalar?
– Malayziya mehmonlariga turli xil taassurotlar, manzillar va faoliyat turlarini taklif eta oladi. Xususan, Langkavi manzarali orollari bilan mashhur bo‘lib, dengiz bo‘yida dam olishni istaydigan turistlar uchun jozibador maskan hisoblanadi.
Kuala-Lumpur esa zamonaviy shahar muhiti, boy madaniy hayot va shopping imkoniyatlari uyg‘unlashgan markaz sifatida sayohatchilarni o‘ziga jalb etadi. Pulo-Pinang (Penang) madaniy va gastronomik taassurotlarni qadrlaydigan turistlar uchun mashhur manzillardan biri hisoblanadi. Kameron-Xaylends hududi serhasham tabiati va salqin iqlimi bilan ajralib turadi. Sabah shtati esa madaniyat, tabiat va faol dam olish imkoniyatlari uyg‘unlashgan mintaqa sifatida turistlar uchun katta qiziqish uyg‘otadi.
Mening fikrimcha, madaniy va diniy o‘xshashliklar Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi turistik almashuvni mustahkamlashda juda muhim o‘rin tutadi. Sayohat qiluvchilar ko‘pincha faqat diqqatga sazovor joylarni ko‘rishni emas, balki madaniyatlar yaqinligini his qilishni ham istashadi. Bunday muhit sayohatchilarda ishonch uyg‘otadi va sayohat yo‘nalishini tanlashdagi to‘siqlarni kamaytiradi.
O‘zbekistonlik turistlar Malayziyada halol taomlar, ibodat joylari va ijobiy madaniy muhit mavjudligini bilgan holda sayohat qilishga oson qaror qabul qiladilar. Shu bilan birga, malayziyaliklar ham O‘zbekistonning boy islomiy merosi, tarixiy madrasalar, masjidlar va islom ilmi taraqqiyotidagi roliga katta qiziqish bildirmoqda.
– Turizm sohasi O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qay darajada hissa qo‘sha oladi?
– Ko‘p hollarda turizm ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tushunishga olib boradigan ilk qadam bo‘ladi. Hukumatlar o‘rtasida rasmiy kelishuvlar imzolanishidan oldin ham odamlar sayohati va madaniy almashuvi natijasida bir-biri bilan yaqinlashadi.
Masalan, toshkentlik bir oila Kuala-Lumpurga sayohat qilsa yoki malayziyalik sayyoh Samarqandning tarixiy ko‘chalarida sayr qilsa, ular uyiga yangi taassurotlar va do‘stlik xotiralari bilan qaytadi. Turizm aviakompaniyalar, turoperatorlar, mehmonxonalar, halol sertifikatlash tashkilotlari va madaniy muassasalarni birlashtirib, hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, u ta’lim almashinuvi, yoshlar dasturlari va madaniy tashabbuslar uchun ham yangi yo‘llarni ochadi.
Natija shuki, turizm bizga bir haqiqatni eslatadi: davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar faqat siyosatga emas, balki odamlar o‘rtasidagi muloqot va ishonchga ham tayanadi. Malayziyada aytilgan “Selamat Datang” va O‘zbekistonda aytilgan “Xush kelibsiz” so‘zlari nafaqat tabrik, balki xalqlar o‘rtasidagi samimiy mehmondo‘stlik ramzidir. Muxtasar aytganda, turizm ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.