12 yoshli stol tennischimiz Angliyada xalqaro mashg‘ulotda qatnashmoqda
Angliyaning Sheffild shahrida Xalqaro stol tennisi federatsiyasi (ITTF) va Table Tennis England hamkorligida o‘tkazilayotgan “ITTF World Hopes Week & Challenge 2026” xalqaro haftalik tadbirlarida dunyoning eng iste’dodli kichik raketka ustalari qatorida yosh sportchimiz ishtirok etmoqda.
Yosh sportchilarning mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va yirik musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun muhim imkoniyat yaratadigan mazkur xalqaro mashg‘ulotda 12 yoshli stol tennischimiz E’zoza Xo‘rozova hamda uning murabbiyi Oybek Bobojonov dunyoning turli mamlakatlaridan saralangan istiqbolli yosh sportchilar bilan birga o‘z mahoratini oshirmoqda.
Iqtidorli yosh stol tennischilarning reyting ko‘rsatkichlarini belgilash, sport mahoratini rivojlantirish va xalqaro tajribasini oshirishga qaratilgan haftalik dasturga muvofiq, 12 yoshli stol tennischilar 12-16-oktabr kunlari intensiv amaliy va nazariy mashg‘ulotlarda qatnashadi.
Mashg‘ulot jarayonlari va saralash bosqichlaridan so‘ng 17-18-oktabr kunlari “ITTF World Hopes Week & Challenge 2026” tizimidagi musobaqalarda o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA