Muzokara sanasini aytish mushkul...
Rossiya-Ukraina
AQSH hozircha Ukraina atrofidagi ziddiyat bo‘yicha muzokara o‘tkazish muddatini tayinlamaydi, bu jangovar harakatning borishiga bog‘liq. Ayni masalada Amerika Prezidentining Milliy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan “CNN” telekanaliga intervyusida, jumladan, shundan dedi:
- Bunday muddat haqida gapirish o‘rinsiz, urush oldindan aytib bo‘lmaydigan voqelik. Muzokara o‘tkazilishi ko‘p jihatdan jang maydonidagi vaziyatga bog‘liq. Prezident Zelenskiy aytganidek, hammasi diplomatiya vositachiligida tugaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tinchlikning fundamental tamoyiliga asoslangan adolat tarafdori ekaniga ishonadi. Bu “BMT Nizomida mustahkamlab qo‘yilgan suverenitet va hududlar butunligi tamoyilidir”.
Sallivan Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning qarshi hujumi muvaffaqiyatli chiqishiga ishonishini ta’kidladi.
“Biz jang maydonida ko‘proq omadga erishishi uchun Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, don masalasi kabi, Ukraina nizosini hal etishda ham vositachi bo‘lishi mumkin. Bu haqda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bayonot berdi.
Ukraina razvedkasi va hukumati vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda boshqa mamlakatlar tomonidan Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyaga rioya qilinmayotgani tahlil qilindi. Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozishicha, Kiyev “sanksiyaga itoat qilmayotgan, ko‘rsatmani bajarishga yo‘l bermayotgan mamlakatlarni aniq bilib turibdi”.
Avvalroq Ukraina yetakchisi Rossiyaga qarshi sanksiya ishlamayotgani to‘g‘risida gapiraverishdan charchaganini iddao qilib, bunday mamlakatlarga qarshi ochiq chora ko‘rishga chaqirgan edi.
Belgiya hukumati yaqin kunlarda Kiyevga jo‘natilgan qurol-yarog‘dan Belgorod viloyatini o‘qqa tutishda foydalanilgani to‘g‘risida izoh berish bo‘yicha talabnoma yo‘llashini ma’lum qildi. Bu haqda “Le Soir” gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Axborotda aytilishicha, mamlakat mudofaa vaziri Lyudivin Dedonder va TIV rahbari Aja Labib Kiyevga yuborilgan qurol-aslaha Rossiya hududida qo‘llanmasligini ta’kidlagan.
“Ushbu vositalar faqat mamlakatning o‘z hududida, aholini muhofaza qilishda qo‘llanishi mumkin”, dedi u.
Ko‘rik davomida Kiyevdagi bombadan saqlanish boshpanalarining yarmidan ko‘pi ishlamayotgani aniqlandi, deya xabar berdi Ukraina strategik tarmoqlar vaziri Aleksandr Kamishin. “Strana” nashrida e’lon qilingan tekshirish natijasiga ko‘ra, mavjud mingdan ziyod boshpananing 11 foizi umuman ishlamaydi, 33 foizi foydalanishga yaroqsiz holga kelgan.
Ukraina davlat chegara xizmati har kuni sarhadni noqonuniy kesib o‘tayotgan 20 nafarga yaqin odamni ushlab qolmoqda. Bundan tashqari, taxminan, 150 kishi mamlakatni tark etish so‘roviga rad javobini olmoqda. Bu ma’lumotlarni Davlat chegara xizmati vakili Andrey Demchenko keltirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i, ota-onasi vafot etgan, 18 yoshgacha uch farzandi bor, shuningdek, tibbiy xulosaga ko‘ra, harbiy xizmatga noloyiq topilgan erkaklar mamlakatni tark etish huquqiga ega.
Abror XON,
O‘zA