Muzeylarda 500 dan ortiq eksponat yo‘qolgan
Muzey — xalqning tarixi, xotirasi va madaniy merosi saqlanadigan muqaddas maskan. U yerdagi har bir eksponat o‘tmishdan qolgan noyob guvoh, kelajak avlod uchun esa bebaho meros hisoblanadi.
Shu bois muzey fondlaridagi har bir ashyoning saqlanishi davlat va jamiyat oldidagi muhim vazifa.
Respublika davlat muzeylarida olib borilgan keng ko‘lamli xatlov ishlari ana shu masalaga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatdi. Tekshiruvlar davomida “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallarida qariyb 500 ta, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida esa 16 ta eksponat fond hisobida mavjud bo‘lsada, amalda topilmagani aniqlandi.
Bu oddiy statistika emas. Har bir yo‘qolgan eksponat — tarixning bir bo‘lagi, millat xotirasining bir sahifasi demak. Agar ularning ayrimlari yagona nusxadagi noyob buyumlar bo‘lsa, ularning yo‘qolishi moddiy emas, balki ma’naviy jihatdan ham katta yo‘qotish hisoblanadi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha hujjatlar huquqiy baho berish va aybdorlarni aniqlash maqsadida prokuratura organlariga taqdim etildi. Endi tekshiruvlar ushbu eksponatlar qachon va qanday sharoitda yo‘qolgani, ular uchun mas’ul shaxslar kim ekanini oydinlashtirishi kutilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, muzey fondlarini raqamlashtirish, har bir eksponatning elektron pasportini yaratish, zamonaviy kuzatuv tizimlarini joriy etish hamda muntazam mustaqil xatlov o‘tkazish bunday holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda muzey fondlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda. Bu jarayon faqat kamchiliklarni aniqlash emas, balki milliy madaniy merosni kelajak avlod uchun to‘liq saqlab qolishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA