Muzeylar – tarix ko‘zgusi
Buxoroda muzeylar boshqaruvida o‘quv dasturlarini amalga oshirish masalasiga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Buxoroda muzeylar boshqaruvida o‘quv dasturlarini amalga oshirish masalasiga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbekmuzey” jamg‘armasi, YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Buxoro davlat badiiy-me’morchilik muzey- qo‘riqxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti olim hamda tadqiqotchilari, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi muzeylar xodimlari ishtirok etgan seminarda mamlakatimizda muzeylar faoliyatini yanada rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularga ichki sayyohlarni jalb etishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilgani o‘z samarasini berayotgani alohida ta’kidlandi.
Muzeylar ishini oqilona tashkil etish, ulardagi ashyo va kolleksiyalarni hisobga olish tartibi, moziygohlarning ilmiy konsepsiyasi, bolalarni muzeylarga jalb etishda pedagogik texnologiyalarning o‘rni, virtual muzeylar istiqbollari haqida so‘z yuritildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda to‘rt yuzdan ortiq muzey faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda ajdodlarimiz tafakkuri mahsuli bo‘lgan eng qadimgi toshyozuvlaru bitiklar, nodir qo‘lyozmalar, tarix, adabiyot va san’at, ilm-fan hamda boshqa sohalarga oid qimmatbaho asarlar, noyob ashyolar, hali-hanuz o‘z ko‘rkini yo‘qotmagan osori-atiqalar asl holicha saqlanmoqda. Eksponat va ekspozitsiyalarda ulug‘ ajdodlarimiz hayoti, tabiat, hayvonot va nabotot olami, biz uchun ma’lum ma’noda saboq bo‘lguvchi voqea hamda hodisalar o‘z aksini topgan. Ular yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xorijiy sayyohlarning benazir nomoddiy meros egasi ekanimizni his qilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
– Muzeylar kolleksiyalarini boyitish, eksponatlarini aniq tavsiflash va ularning elektron variantlarini yaratish dolzarb vazifa, – deydi Buxoro davlat badiiy-me’morchilik muzey-qo‘riqxonasining arxeologiya bo‘limi boshlig‘i Ixtiyor Kenjayev. – Tadbirda shu va boshqa masalalar xususida fikr almashildi.
Seminarda muzeylarda menejment tizimi, ilmiy ishlarni oqilona yo‘lga qo‘yish, ushbu muassasalarning oliy o‘quv yurtlari va boshqa bilim maskanlari bilan aloqalarini, ijtimoiy hamkorlikni kengaytirish, muzeylar uchun buyurtma asosida malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash hamda yechimini kutib turgan boshqa masalalar muhokama qilindi.