Muzaffar bokschilarimiz munosib kutib olindi
Angliyaning Liverpul shahrida 4-14 sentyabr kunlari “World Boxing” tashkiloti tomonidan ilk marotaba tashkil etilgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 6 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalini jamg‘ardi.
Bugun erta tongda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida muzaffar bokschilarimiz tantanali kutib olindi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, mamlakatimiz boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, sport jamoatchiligi, muxlislar, sportchilarning yaqinlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida O‘zbekistonda ko‘plab sport turlari kabi boks ham yoshlar o‘rtasida jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalari – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishmoqda.

Bunga misol qilib Liverpul shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatini ko‘rsatish mumkin. Dunyoning 60 mamlakatidan kelgan 500 charm qo‘lqop ustasi o‘rtasida o‘zbek bokschilari hech kimdan kam emas va kam bo‘lmasligini isbotladi.

Jahon chempionatida Abdumalik Xaloqov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Fazliddin Erkinboyev, Javohir Ummataliyev, Akmaljon Isroilov va To‘rabek Habibullayev o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Navbahor Hamidova hamda Jahongir Zokirov finalga qadar o‘tgan bellashuvlarda zafar quchib, delegatsiyamiz hisobiga kumush medalni taqdim qilgan bo‘lsa, Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova hamda Aziza Zokirova bronza medali bilan taqdirlandi.

Shu tariqa, jahon chempionatining erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarida 6 ta oltin va bitta kumushga ega chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi medal jamg‘arishda birinchi bo‘ldi. Umumjamoa hisobida esa vakillarimiz ikkinchi o‘rindan joy oldi.

– Prezidentimizning biz sportchilarga bildirayotgan katta ishonchi, murabbiylarning maslahati va qo‘llab-quvvatlashi jahon chempionatidagi muvaffaqiyatimizda asosiy omil bo‘ldi, – deydi ikki karra jahon chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev. – Kelgusida ham yuqori natijalarga erishish, Vatanimiz sharafini yanada ulug‘lash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni sarflaymiz. Yana bir katta maqsadim 2028 yili AQSH mezbonligida o‘tadigan XXXIV Olimpiya o‘yinlarida ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritish.
Javohir Toshxo‘jayev,
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA muxbirlari