Mutasaddilar aholini sifatsiz alkogol va tamaki mahsulotlaridan ogoh bo‘lishga chaqirmoqda
Ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay, hududlarda sifatsiz, inson salomatligi uchun xavfli, yaroqlilik muddati o‘tgan alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasi hamon uchrab turibdi.
Shu munosabat bilan, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Inspeksiya mamlakatimiz fuqarolarini qalbaki mahsulotlar savdosi va iste’molidan ogoh bo‘lishga chaqiradi.
Mutaxassislar haqiqiy va kontrafakt mahsulotlarni o‘zaro farqlashda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlaydi:
— mahsulotlarda belgilangan namunadagi aksiz markasi mavjudligiga;
— majburiy raqamli markirovka kodlarining borligiga;
— yaroqlilik muddati, mahsulot ishlab chiqarilgan kun, oy va yil aniq ko‘rsatilganiga;
— tamaki mahsulotlari qutisining kamida 65 foiz qismida tibbiy ogohlantirish belgilarining aniq va tiniq tasvirlanganiga.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunchilikka muvofiq, alkogol va tamaki mahsulotlarini 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotish qat’iyan taqiqlanadi.
O‘zA