Mustaqillikning 35 yili: inson qadri va milliy yuksalish sari yo‘l
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nafaqat bosib o‘tilgan tarixiy yo‘lni sarhisob qilish, balki mamlakatimizning kelgusi taraqqiyot istiqbollarini belgilash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida erishilgan natijalar bilan bir qatorda, kelgusi o‘n yillik uchun ustuvor vazifalar ham belgilab berildi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Milliy qadriyatlarni tiklash, xalqning tarixiy xotirasini asrash, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va inson manfaatlarini davlat siyosatining markaziga qo‘yish taraqqiyotning muhim yo‘nalishlariga aylandi.
Inson qadri — islohotlarning bosh mezoni
“Inson qadri uchun!” tamoyili mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy mazmunini ifodalaydi. Uning mohiyati fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib turmush sharoitini yaratish hamda har bir insonning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishdan iborat.
Prezidentimiz nutqida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizgacha pasaygan. Shuningdek, 650 mingdan ziyod oila zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan, 10 million insonning turmush sharoiti yaxshilangan. Bu ko‘rsatkichlar aholi farovonligini oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning muhim natijalaridir.
Iqtisodiy taraqqiyot ham inson manfaatlari bilan uzviy bog‘liq. Nutqda xorijiy investitsiyalar hajmi yiliga 40–50 milliard dollarga yetgani ta’kidlandi. Kelgusida iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligiga asoslangan modelga o‘tkazish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Ta’lim va ilm-fan — kelajak poydevori
Mamlakat taraqqiyotining muhim sharti — bilimli, malakali va zamonaviy fikrlaydigan avlodni tarbiyalashdir. Prezident nutqida maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetgani, maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgani, oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalar soni esa 1 million 600 ming nafarga yetgani qayd etilgan.
Kelgusi davrda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, ilm-fan va sun’iy intellekt sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning TOP–1000 reytingiga kiritish maqsadi belgilangan.
Bu vazifalar, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki bugungi talaba — ertangi kun mutaxassisi, pedagogi, olimi va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetakchi kuchdir.
Kelgusi o‘n yillik — milliy yuksalish davri
Prezident nutqida kelgusi o‘n yillik uchun yettita milliy dastur belgilandi. Ular bilim va malakani rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, iqtisodiyotni yuqori texnologiyalarga asoslangan modelga o‘tkazish, suv va tabiatni asrash, sud mustaqilligini kuchaytirish, mahallaning jamiyat taraqqiyotidagi rolini oshirish hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirishni qamrab oladi.
Xususan, iqtisodiy rivojlanish doirasida kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish va sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish maqsadlari belgilangan.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida ekin maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish, tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga oshirish rejalashtirilgan. Qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va mahallalar ehtiyojlarini davlat siyosatida inobatga olish ham muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Tashqi siyosat yo‘nalishida esa O‘zbekistonning tinchliksevar va bag‘rikeng davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Mamlakatimizning qariyb 170 ta davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgani, yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari hamda 16 ta diniy konfessiya a’zolari ahil yashayotgani tinchlik va totuvlikning muhim ko‘rsatkichidir.
Yangi marralar sari
Mustaqillikning 35 yilligi mamlakatimiz erishgan natijalarni e’tirof etish bilan birga, oldimizda turgan vazifalarni ham chuqur anglashga undaydi. Belgilangan maqsadlarga erishish ta’lim, ilm-fan, iqtisodiyot, ekologiya va ijtimoiy sohalardagi izchil faoliyatni, shuningdek, davlat va jamiyatning hamjihatligini talab etadi.
Eng muhimi, barcha islohotlarning natijasi inson hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘lishi kerak. Sifatli ta’lim, munosib ish o‘rinlari, salomatlikni asrash, qonun ustuvorligi va farovon mahallalar milliy yuksalishning mustahkam poydevoridir.
Shunday ekan, kelgusi o‘n yillikning muvaffaqiyati bugun qo‘yilayotgan maqsadlarni amaliy natijalarga aylantirish, yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda har bir fuqaroning taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirishga bog‘liq. Inson qadri ulug‘langan, bilim va mehnat qadrlangan jamiyatgina barqaror rivojlanish va yuksak marralar sari dadil odimlaydi.
Yashnar Abdullayev,
Termiz davlat pedagogika instituti
Jismoniy madaniyat kafedrasi mudiri