Mustaqillik va o‘zbek shaxmatining shonli yo‘li
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida ustoz ijodkor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, «Shuhrat» medali sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Asror Mo‘minning «O‘zbekiston shohmoti: kecha, bugun, ertaga!» nomli kitobi nashrdan chiqdi.
Zehniyatni charxlash, inson tafakkurini yuksaltirishda shaxmatning o‘rni beqiyos. Mustaqillik yillarida sportning ushbu turini rivojlantirish, uni ommalashtirish va yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib etish borasida qator ezgu tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar samarasi O‘zbekistonning jahon miqyosida e’tirof etilishida, xalqimiz, ayniqsa, shaxmatga qiziquvchi yoshlar safining tobora kengayishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bularning barchasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan shaxmat ravnaqiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy natijalaridir.
Taniqli jurnalist va tarjimon Asror Mo‘minning «O‘zbekiston shohmoti: kecha, bugun, ertaga!» nomli kitobi shaxmat tarixi, uning rivojlanish bosqichlari hamda mamlakatimizda ushbu sport turining taraqqiyot yo‘li haqida hikoya qilishi bilan e’tiborga molik.
Kitobning muqovasiga nazar tashlaganingizdayoq jahon chempioni Rustam Qosimjonov, Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov va 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempionlarining suratlarini ko‘rib, qalbingiz faxr-iftixorga to‘ladi. Ular mustaqillik bergan imkoniyatlar va yurtimizda shaxmatni rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, olamshumul g‘alabalarga erishdi.
Axir, mustaqillikka qadar birorta o‘zbek shaxmatchisi na jahon chempionatida, na Jahon kubogida, na Butunjahon shaxmat olimpiadasida munosib natija ko‘rsata olgan edi. Bugungi buyuk g‘alabalar esa, shubhasiz, yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar samarasidir.
Muqovaning orqa tomonida Islom sivilizatsiyasi markazidagi «Amir Temur shaxmati bo‘limi», Hazrat Alisher Navoiy va sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning suratlari ham kitob mazmuniga alohida ruh bag‘ishlaydi. Ularning shatranj va shaxmat haqidagi dilbar she’rlari kitobxon e’tiborini tortadi.
Kitobni varaqlar ekansiz, yurtimiz hududida shatranj ikki ming yillar muqaddam ommalashganini tasdiqlovchi arxeologik topilmalar suratlarini ko‘rish, allomalarimiz asarlarida shatranj haqida ma’lumotlar keltirilganidan xabardor bo‘lish mumkin.
Ming yillar muqaddam Abu Bakr as-Suliy kabi shatranj ustalari bu o‘yinning Movarounnahr zaminida rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. Vizantiyadan kelib, yurtimizda Al-Adliy nomi bilan shuhrat qozongan IX asr shatranj ustasi ham bu o‘yinning takomillashuviga munosib hissa qo‘shgan. Uning qayd etishicha, yurtimizda shatranjdagi shashxol qoidasidan voz kechilgan. Ilgarigi qoidaga ko‘ra, yurish shashxolda tushgan xollar soniga qarab belgilangan bo‘lib, bu inson tafakkurini ma’lum darajada cheklagan. Mazkur o‘zgarish esa shatranj taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etgan.

Sohibqiron Amir Temur davrida Samarqand shatranj markazlaridan biriga aylangan. U kuchli shatranjchilarni Samarqandga taklif etgan, shatranj musobaqalari o‘tkazib turgan. Sohibqironning o‘zi ham shaxmatga qiziqqan va oddiy shatranj bilan cheklanmay, murakkab sanaladigan shatranji kabirda ham dona surgan.
Hazrat Alisher Navoiy ham muntazam ravishda shatranj majlislari o‘tkazib turganlar. Bu an’ana XX asr boshlarida Abdurauf Fitrat tomonidan davom ettirildi. Keyinchalik yurtimizda shaxmat majlislari akademik Yolqin To‘raqulov va shoirimiz Erkin Vohidov tomonidan qayta tiklandi.
1924-yil Parijda Xalqaro shaxmat federatsiyasi — FIDE tashkil etildi. Shundan so‘ng respublikamizda shaxmatning xalqaro miqyosda qabul qilingan qoidalarini targ‘ib qilish va ushbu sport turini rivojlantirishga yanada katta e’tibor qaratildi. Bu xayrli ishda Azmiddin Xo‘jayev, Ulug‘bek Elbekov, Mamajon Muhiddinov kabi fidoyilarimiz jonbozlik ko‘rsatdi.
Aynan ana shu fidoyilarning mehnati va sa’y-harakatlari samarasi o‘laroq, 1992-yili O‘zbekistonning shaxmat terma jamoasi Butunjahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi o‘rinni egalladi. 2004-yili esa Rustam Qosimjonov jahon chempioni bo‘ldi. Bu g‘alabalar yurtimizda shaxmatchilarning oltin avlodini tarbiyalashga katta turtki berdi. Ushbu avlod vakillaridan ruhlangan o‘smir shaxmatchilarimiz 2018-yili Butunjahon o‘smirlar olimpiadasida zafar quchdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil qabul qilgan «Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommalashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sohaning yanada taraqqiy etishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.
2022-yili yurtimiz terma jamoasi Chennay shahrida o‘tkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2025-yil Javohir Sindorov Jahon kubogida g‘olib bo‘ldi. 2026-yil boshida esa u shaxmat toji da’vogarlari musobaqasida zafar quchib, jahon chempioni unvoni uchun bahslashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Asror Mo‘minning mazkur kitobida shaxmatimiz tarixi, soha fidoyilarining faoliyati, shaxmatchilarimizning shonli g‘alabalariga bag‘ishlangan maqolalar hamda noyob suratlar jamlangan. Ular orqali O‘zbekiston shaxmatining kechagi tarixi, bugungi yuksalishi va ertangi istiqbolini yaqqol tasavvur etish mumkin.
«O‘zbekiston shohmoti: kecha, bugun, ertaga!» kitobining mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi arafasida nashr etilgani shaxmat ixlosmandlari uchun o‘ziga xos munosib tuhfa bo‘ldi.
N.Usmonova,
A.Alijonov (surat),
O‘zA