Mustaqillik tantanalari ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Jizzax viloyatida bayram tadbirlari yuksak ko‘tarinkilik va o‘ziga xos tantana ruhida bo‘lib o‘tdi.

Ayniqsa, Jizzax shahridagi “Mustaqillik bog‘i” hududida yangidan barpo etilgan Amfiteatrda o‘tayotgan katta bayram konserti ayyomga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Zamonaviy qiyofa kasb etgan maskanda jam bo‘lgan yurtdoshlar qalbida Vatanga muhabbat, istiqlolga shukronalik va ertangi kunga ishonch tuyg‘ulari uyg‘unlashdi.

Tadbirda Jizzaxning iste’dodli san’atkorlari, xonandalar va ijodiy jamoalari faol ishtirok etib, o‘zlarining mahoratli chiqishlari bilan tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat, zavq va unutilmas taassurot ulashdi.

Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan bu kabi tantanalar nafaqat el-yurtga bayramona kayfiyat bag‘ishladi, balki milliy qadriyatlarimiz, boy madaniy merosimiz va san’atga bo‘lgan yuksak e’tiborni yana bir bor namoyon etdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri