Mustaqillik ong va shuurimizda: Namanganda ulkan bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda
O‘tayotgan har bir kun bizni eng ulug‘, eng aziz ayyom – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga yaqinlashtirmoqda. Ushbu qutlug‘ tantanaga munosib tuhfa sifatida Namangan viloyatida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan 100 ta muhim ustuvor maqsadlar doirasida ayni vaqtda Namangan viloyatining Davlatobod va To‘raqo‘rg‘on tumanlari kesishmasida “Yangi Namangan” shaharchasi qurilishining ikkinchi bosqichi jadal davom etmoqda.
Yaqinda Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida ushbu hududda yana to‘rtta yangi istiqbolli loyiha qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Jumladan, "Lang apex" mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan nodavlat umumta’lim va maktabgacha ta’lim muassasasi bino va inshootlari qurilishiga kirishildi. Maktab binosi 840 o‘rinli, bolalar bog‘chasi binosi 120 o‘ringa mo‘ljallangan.
Shuningdek, “Downtown building” mas’uliyati cheklangan jamiyati to‘qqizta 12 qavatli turar-joy qurilishi uchun poydevor ishlarini boshlandi. Ob’ektning umumiy yer maydoni 2,2 gektarni tashkil qilib, unda 1019 xonadon o‘rin oladi.
“Ziyo avenue” mas’uliyati cheklangan jamiyati turar-joy kompleksida loyiha bo‘yicha sakkizta 12 qavatli turar-joy binosi qad rostlaydi. Majmua 704 xonadon va 112 noturar joy ob’ektidan iborat. Bundan tashqari, shaharchada Biznes va fan universiteti uchun yetti qavatli bino inshoot barpo etilishi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, umumiy 1,3 gektar yer maydonni egallaydi.

Yangi Namangan tumani hududidan o‘tgan avtomobil yo‘li bilan “Oromgoh” ko‘chalari kesishgan chorrahada Katta Namangan kanali ustiga zamonaviy ko‘prik barpo etiladi. Uning umumiy qiymati 6 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu mablag‘ evaziga eni 16 metr, uzunligi 24 metr bo‘lgan zamonaviy ko‘prik quriladi. Ushbu tashabbus transport tirbandligini kamaytirish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda ushbu hududning transport o‘tkazuvchanligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Pop, Yangiqo‘rg‘on, Chust va Kosonsoy tumanlarida turizmni tubdan rivojlantirishda hali ishga solinmagan imkoniyatlar bisyor. Ayni shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, Namanganda yirik turizm loyihalarini amalga oshirishga kirishildi.
Jumladan, Pop tumanining Arashan ko‘li atrofida "Arashan resort" xalqaro va ko‘p funksiyali tog‘ dam olish turistik-rekreatsion majmuasi qurilishi loyihasi amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimi rahbarligidagi ishchi guruhining o‘rganishi davomida loyihaning bugungi kundagi holati, qurilish-montaj ishlarining sur’ati, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish hamda zamonaviy turistik infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha jarayonlar ko‘zdan kechirildi.

Mazkur investitsiya loyihasining umumiy qiymati 150 million AQSH dollarini tashkil etib, joriy yilning o‘zida 75 million dollar investitsiyani o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq ishga tushgach, bir yilda 912 ming nafargacha sayyohga xizmat ko‘rsatish quvvati yaratiladi.
Loyihada Yaponiyaning “Nippon Global Education and Assessment” kompaniyasi xorijiy hamkor sifatida qatnashayotgani uning xalqaro standartlar asosida amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Bu esa, zamonaviy turizm infratuzilmasini shakllantirish, xizmatlar sifatini oshirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, mazkur ulkan majmua Namangan viloyatining turizm salohiyatini yanada yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar sohasini rivojlantirish va hududning xalqaro turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladigan yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.
Chust tumanida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihasi – “Chiqindini yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish” majmuasi hududda ekologik barqarorlikni ta’minlash, toza va obod iqlimga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xitoylik investorlar ishtirokida barpo etilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 141,5 million dollarga teng bo‘lib, u ishga tushirilgach, maishiy chiqindilarni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash orqali ekologiyani asrash bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati ham yaratiladi.
Loyiha mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasidir.
To‘raqo‘rg‘on tumanida istiqlolimizning o‘ttiz besh yillik to‘yiga tuhfa sifatida, yosh tadbirkor barpo etgan turizm maskani ochildi. Bozorboshi mahallasi hududida Mirshohid Abduqodirovning sa’y-harakati bilan loyiha qiymati 10 milliard so‘m bo‘lgan "Bog‘i Bobur" turizm markazi faoliyat boshladi.

Axsikent arxeologiya yodgorligi parkiga yondosh, Sirdaryo sohillariga yaqin hududdagi archazordan iborat soya-salqinlik ushbu majmua 60 sotixni egallagan bo‘lib, bir kunda 300 mehmonni qabul qila oladi. Milliy va zamonaviylik uyg‘unlashgan, o‘zgacha dizaynda bezatilgan maskanda keyingi bosqichlarda akvapark, kapsula ko‘rinishidagi mehmonxonalar, yashil hudud, restoran qurish ham rejalashtirilgan. Quvonarlisi, bu joyda 10 kishi muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Istiqlol shodiyonasi munosabati bilan viloyat bo‘ylab keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Uchqo‘rg‘on tumanida “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida mahallalarni yanada fayzli, ozoda va ko‘rkam maskanga aylantirishga qaratilgan amaliy ishlar jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Ayniqsa, aholi murojaatlari eng ko‘p kelib tushgan mahallalarda amaliy ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda Ulug‘bek, Yorqin hayot, Yoshlik, Turkiston, Elatan, Qozoqovul, Birlik, Ozod, Paxtachi va Navoiy mahallalarida 60 kilometr masofada yo‘llarni asfaltlash, ichimlik suvi tarmoqlarini tortish hamda irrigatsiya tizimini yaxshilash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Qolaversa, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasida Qo‘g‘ay va Qo‘g‘ayo‘lmas mahallalarida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Yangi yo‘llar, zamonaviy infratuzilma va qulay yashash sharoitlari mahallalar qiyofasini butunlay o‘zgartirmoqda. Shuningdek, mahalla faollari xonadonlarga tashrif buyurib, aholi o‘rtasida obodonchilik madaniyatini yuksaltirish, hovli va ko‘cha atrofini doimo ozoda saqlash, daraxt hamda manzarali ko‘chatlarni asrab-avaylash yuzasidan targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Bir paytlar aholi orzu qilgan yo‘llar, toza ichimlik suvi va zamonaviy infratuzilma bugun hayot haqiqatiga aylanmoqda. Mustaqillikning 35 yilligi nafaqat sana, balki xalqimiz orzu-umidlari ro‘yobga chiqayotgan, har bir mahallada o‘zgarishlar sezilayotgan tarixiy davr sifatida namoyon bo‘lmoqda. Darhaqiqat, obod va ozoda mahalla yurt taraqqiyoti, aholi farovonligi hamda bayramga munosib tuhfaning eng yorqin ifodasidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.