Mustaqillik – bebaho neʼmat
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi va “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida karantin talablariga rioya qilingan holda onlayn tarzda oʻtkazildi.
Shu kunlarda mamlakatimiz boʻylab mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida turli onlayn uchrashuvlar, konferensiya, seminar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Poytaxtimizdagi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida shunday seminarlardan biri tashkil etildi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi va “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida karantin talablariga rioya qilingan holda onlayn tarzda oʻtkazildi.

Davlat arboblari, senatorlar, taniqli olimlar, yozuvchi va shoirlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan muloqotda soʻzga chiqqanlar mamlakatimiz hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar yurtdoshlarimizning turmushini yaxshilash, dunyoqarashini yuksaltirish, yurtimizni har tomonlama obod qilish, uning iqtisodiy qudratini kuchaytirish, yangi Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi va obroʻsini oshirishga xizmat qilayotgani, pandemiya sharoitida ham bu oʻzgarishlar izchil davom ettirilayotgani haqida soʻzladi.

Harakatlar strategiyasining hayotga tatbiq etilishi xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash, aholi daromadlarini oshirish boʻyicha ham ijobiy natijalarni bermoqda.
Mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida ham katta ijobiy oʻzgarishlar sezilmoqda. Xalqimizga koʻrsatilayotgan tibbiy-profilaktika, patronaj xizmatlari yordamini yana-da yaxshilash, tez va shoshilinch tibbiy yordam hamda ixtisoslashgan tibbiy yordam sifatini oshirish, aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan taʼminlash, xususiy tibbiyotni rivojlantirish kabi muhim loyihalar shular jumlasidan.

Mana shunday sinovli davrda shifokorlarimiz qatori boshqa soha vakillarining ham el koriga yarash, uning ogʻir kunida yelkadosh boʻlish maqsadida fidoyilarcha mehnat, tinimsiz harakat qilayotgani va buning natijasida yurtimizdagi holat barqarorlashgani quvonarli, albatta.
Boʻlib oʻtgan onlayn uchrashuvda vatandoshlarimizning sinovli kunlarda hamjihat boʻlib, yurtimiz rivoji, xalqimiz farovonligi yoʻlida harakat qilayotgani alohida eʼtirof etildi.