Mustaqillik bayrami arafasida xavfsizlik va jamoat tartibi izchil ta’minlanadi
Ichki ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli profilaktik tadbirining samaradorligini yanada oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda ichki ishlar vaziri, favqulodda vaziyatlar vaziri, Milliy gvardiya qo‘mondoni, shuningdek, mazkur tuzilmalarning hududiy boshqarmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Muhokamalarda bayram tadbirlari davomida aholi xavfsizligini ishonchli ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, xizmat kuchlari va vositalarini maqbul taqsimlash hamda idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov mamlakat bo‘ylab o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlashni eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgiladi. Shu munosabat bilan sohaviy xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish, profilaktik ishlarni kuchaytirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada samarali tashkil etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbirining 29 kunlik natijalari tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Amalga oshirilgan ishlar samaradorligi baholanib, mavjud kamchiliklarning sabablari tahlil etildi. Yuqori natijaga erishgan rahbarlarni munosib rag‘batlantirish, xizmat vazifasiga mas’uliyatsiz yondashgan mutasaddilarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish hamda profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbirining ikkinchi bosqichi joriy yilning 15-avgust kuniga qadar davom ettirilishi alohida ta’kidlandi. Bu davrda aholi osoyishtaligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktik tadbirlar qamrovini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-polkovnik Bahodir Toshmatov bayram tadbirlari o‘tkaziladigan maydonlar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar hamda aholi gavjum hududlarda xizmatni kuchaytirilgan tartibda tashkil etish, jamoat tartibini ishonchli ta’minlash va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan belgilangan vazifalarga to‘xtaldi.

Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Azizbek Ikromov esa bayram tadbirlari o‘tkaziladigan ob’ektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, yirik bozorlar va savdo majmualarida amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.
Videoselektor yig‘ilishida ayrim hududlarda aniqlangan kamchiliklar muhokama qilindi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sirdaryo va Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmalari hamda Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbarlarining hisobotlari tinglanib, kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq talablar qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida barcha darajadagi rahbarlarga jamoat xavfsizligini yuqori saviyada ta’minlash, ijro intizomiga so‘zsiz rioya qilish, idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish hamda «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbiri doirasida belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA