Musobaqada asakaliklar g‘olib bo‘ldi
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning tarkibiy tuzilmalari jamoalari o‘rtasida voleybol musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Tizim xodimlarining jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, ularni ommaviy sport turlariga jalb etish hamda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan voleybol musobaqasining viloyat bosqichida Andijon shahar, Xo‘jaobod, Asaka, Ulug‘nor tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limlari, shuningdek, boshqarma apparati va yong‘in qutqaruv otryadi jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.
Final uchrashuvida Andijon shahar va Asaka tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limlari jamoalari kuch sinashdi. Qiziqarli va murosasiz bahslar asosida kechgan o‘yinda Asaka tumani jamoasining qo‘li baland kelib, musobaqa g‘olibiga aylandi. Ikkinchi o‘rin Andijon shahar jamoasiga, boshqarma apparati jamoasiga uchinchi o‘rin nasib etdi. Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari tegishli medallar, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA