Musiqiy tanlov g‘oliblari taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora -tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur hujjat doirasida maqom san’atini yanada rivojlantirish va zamonaviy bastakorlik ijodiyoti an’analarini keng targ‘ib qilish, maqom namunalari asosida zamonaviy asarlar yaratish, shu yo‘nalishda ijod qilib kelayotgan kompozitorlar, bastakorlar hamda musiqashunoslarni kashf etish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Bu sohadagi ezgu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi tomonidan Respublika ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilgandi.
Joriy yilgi tanlovlar 25-27 oktyabr kunlari uch yo‘nalishda - bastakorlar, musiqashunoslar va kompozitorlar o‘rtasida o‘tkazilgan edi.
Poytaxtimizda mazkur tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov milliy maqom san’atimizni rivojlantirish masalasi hozirgi kunda yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Marosimda bastakorlar o‘rtasida “Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi asar”, kompozitorlar o‘rtasida “Maqom yo‘llarida yaratilgan eng yaxshi kamer asari", musiqashunoslar orasida yaratilgan “Eng yaxshi o‘quv adabiyoti” tanlovi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri