Musiqiy ta’limda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Musiqa ta’limi: jahon miqyosida yagona maydon sari” xalqaro forumi doirasida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar va Madaniyat vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda madaniyatlararo muloqot va integratsiya jarayonlarida ijodkorlik hamda ijrochilikning o‘rni va ahamiyatini ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilish masalalari tahlil qilindi. Turli xalqlarning badiiy-estetik tajribalarini qiyosiy asosda o‘rganish hamda globallashuv sharoitida madaniy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
[gallery-29498]
Xususan, madaniyatlararo integratsiya jarayonida ijodkorlik fenomenining ilmiy asoslarini aniqlash, turli xalqlarning folklor, musiqa, teatr va tomosha san’ati tajribalarini qiyosiy tahlil qilish hamda milliy o‘zlikni saqlash va madaniy xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish kabi ustuvor masalalarga e’tibor qaratildi.
Tadbirda qayd etilganidek, anjuman yakunlari bo‘yicha ilmiy maqolalar to‘plami nashr etiladi. Unda o‘zbek, rus, ingliz va turk tillaridagi ilmiy ishlar jamlanadi. Shuningdek, ushbu to‘plam GoogleScholar xalqaro ma’lumotlar bazasida indekslanadi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman madaniyatlararo integratsiya jarayonlarini chuqur anglash, ijodiy hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro ilmiy muloqotni kengaytirishda muhim platforma vazifasini o‘taydi.
Gulnoza Boboyeva, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA