Musiqa fidoyisini xotirlab
Akademik Yunus Rajabiy tavalludining 124 yilligi
Milliy musiqamiz fidoyisi, ustoz san’atkor Yunus Rajabiyning maqom san’atimizga qo‘shgan yuksak hissasi munosib e’zozlanmoqda.
2020 yildan faoliyatini boshlagan yangi – O‘zbek milliy musiqa san’ati institutiga ham Yunus Rajabiy nomining berilgani buyuk san’atkor ilmiy-ijodiy faoliyatiga berilgan baho, desak yanglishmaymiz.
Ulug‘ san’atkor tavalludining 124 yilligi arafasida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti jamoasi hamda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, mazkur institut rektori O.Nazarbekov atoqli musiqachining uy-muzeyiga tashrif buyurib, mashhur san’atkor sulolasi vakillari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston xalq artisti, "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi, akademik Yunus Rajabiy serqirra ijodiy faoliyati bilan XX asr o‘zbek musiqasi tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Mutaxassislarning fikricha, bastakor yaratgan mumtoz qo‘shiq va ashulalar, cholg‘u kuylari, musiqali dramalari milliy musiqa xazinasini boyitdi. Olimning o‘zbek xalq musiqa merosi, maqomlarni o‘rganish, ularni notaga va audiotasmalarga yozishdagi xizmatlari beqiyos.
Yunus Rajabiy 1897 yilning 5 yanvarida Toshkentda tug‘ilgan. San’atshunoslarning fikricha, bolaligidan musiqaga bo‘lgan qiziqishi uni ilk marotaba qo‘liga dutor olishiga sabab bo‘ldi. Mashhur hofiz Mulla To‘ychi Toshmuhamedov, Shorahim Shoumarov, Hoji Abdulaziz Abdurasulov, domla Halim Ibodovdan maqom hamda xalq ashulalarini o‘rgandi.
1923 yildan Samarqanddagi O‘zbek bilim yurti qoshidagi musiqa maktabida muallim, 1925 yildan Samarqand musiqali drama teatri musiqa rahbari, 1927 yildan O‘zbekiston davlat radiokomiteti qoshidagi ansambl rahbari, 1941-1945-yillarda Yangiyo‘l viloyat musiqali drama teatri musiqa rahbari, 1945-yildan Radiokomitet qoshidagi Xalq cholg‘ulari orkestri, 1958 yildan esa maqom ansambli badiiy rahbari lavozimlarida ishladi.
Manbalarga ko‘ra, Yunus Rajabiy milliy musiqa merosimizni o‘rganish, ularni notaga olish va nashr etishda katta yutuqlarga erishdi. 1955-1959 yillarda 1 ming 500 dan ortiq xalq kuy va ashulalarini, yalla va laparlarni, terma va dostonlardan namunalarni hamda Shashmaqomning nota namunalarini besh jilddan iborat “O‘zbek xalq musiqasi” kitoblarida nashr etdi. 1960-1966-yillarda Shashmaqomni qayta o‘rganib, uning har bir qismini alohida kitob tarzida chop etdi. Olimning Shashmaqom ustida olib borgan izlanishlari uning 1978 yilda chop etilgan “Musiqa merosimizga bir nazar” kitobida o‘z aksini topdi.
Ustoz bastakor sifatida ham keng tanildi. Ijodkorning yetakchi kompozitorlar bilan hamkorlikda yaratgan “Muqanna”, “Qasos”, «Abdulfayzxon», «Yorqinoy», «Padarkush», “Nodira”, «Layli va Majnun», qayta ishlagan “Farhod va Shirin” musiqali dramalari, “O‘g‘il uylantirish”, “Alisher Navoiy Astrobodda” musiqali asarlari musiqali drama teatrlarda sahnalashtirilib, olqishlarga sazovor bo‘ldi. T.Sodiqov yozishni boshlagan, biroq bevaqt vafoti sababli tugatilmay qolgan “Zaynab va Omon” operasini Yunus Rajabiy, Boris Zeydman va Doni Zokirov birgalikda yakuniga yetkazdi.
Bastakorning «Sog‘inganman», «Yor keldi», «Kelding», «Muncha ham», «Koshki», «Ishq», «Mustazod», «Hajringda», «Gul sochar», «Ra’nolanmasun» kabi qator ashulalari yetakchi xonandalar repertuaridan o‘rin olgan. “O‘zbekiston”, “Bizning davron”, “Shodlik”, “O‘lkamiz” kabi qo‘shiqlari, xor asarlari, "Farg‘onacha" simfonik syuitasi, "Segoh" simfonik pesasi, o‘zbek xalq cholg‘ulari ansambli uchun "Raqs", Furqat so‘zlariga uch qismli vokal-simfonik syuita, cholg‘u ansambli uchun yaratgan kuylari bastakor ijodiy bisotidan namunalardir.
Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti tashkil etildi.
Uy-muzeyda o‘tkazilgan uchrashuvda ustoz san’atkor ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,O‘zA