Mushtarak tarix, madaniy meros va hamkorlik istiqbollari
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida «Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak» mavzusida VII xalqaro simpozium tashkil etildi. Unda turkiy xalqlarning umumiy tarixiy ildizlari, falsafiy qarashlari, madaniy merosi va o‘zaro hamkorligini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Simpozium akademiya prorektori Ilhom Bekmirzayev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova va K.Sh.To‘qtomatov nomidagi xalqaro universitet prorektori Tolag‘an Omoshevning qutlov so‘zlari bilan boshlandi.
Akademiyaning «Ijtimoiy fanlar va huquq» kafedrasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan mazkur simpozium ijtimoiy fanlar, falsafa, tarix, siyosatshunoslik va madaniyatshunoslik yo‘nalishlaridagi muhim masalalarni qamrab oldi.

Anjumanning bosh maqsadi turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, hamkorligi va xavfsizligiga oid masalalarni ilmiy jihatdan o‘rganish, shuningdek, turkiy davlatlar integratsiyasining asosiy omillari va qonuniyatlarini tahlil qilish borasida to‘plangan tajribani umumlashtirishdan iborat bo‘ldi.
Simpozium doirasida turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiya va hamkorlikni mustahkamlashning ijtimoiy-siyosiy jihatlari, falsafa va madaniyat sohalaridagi nazariy-metodologik yondashuvlar tahlil etildi. Ishtirokchilar tarixiy jarayonlar, ilmiy tadqiqotlar va zamonaviy hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.

Istanbul universiteti ijtimoiy siyosat fanlari doktori Kemal Yavuz Ataman o‘z ma’ruzasida bugungi global jarayonlar va turkiy xalqlar birdamligining ahamiyatiga to‘xtaldi.
– Hozirgi kunda davlatlar va millatlar global markazlarning hukmronligi ostida qoldi, – dedi turkiyalik olim Kemal Yavuz Ataman. – Siyosiy, iqtisodiy va texnologik monopoliyalar shakllanib, insoniy, milliy va diniy qadriyatlar zaiflashdi. Tabiiy boyliklar va resurslar talon-toroj qilinmoqda, barcha narsa manfaat asosiga qurilmoqda, insoniyatning kelajagi xavf ostida qolmoqda.
Uning ta’kidlashicha, bunday sharoitda turkiy xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi.

Simpoziumda turkiy xalqlar davlatchiligi, huquqi, falsafasi va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan qator ma’ruzalar tinglandi.
Bundan tashqari, turkiy falsafiy tafakkurda inson va tabiat munosabatlari, turkiy xalqlar davlatchiligi va huquqiy an’analarining zamonaviy huquq tizimlariga ta’siri, turkiy davlatlar integratsiyasining geosiyosiy omillari, Buyuk Ipak yo‘li orqali shakllangan tarixiy aloqalar hamda turkiy xalqlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi kabi mavzular ham muhokama markazida bo‘ldi.

Asosiy ma’ruzalardan keyin anjuman panel sessiyalar bilan davom etdi. Ularda turkiy xalqlar tarixi, falsafasi va madaniyatining kam o‘rganilgan jihatlari, davlatlararo integratsiyani rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy-siyosiy omillar, o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikrlar bildirildi.
Ma’ruzachilar Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etishda ajdodlarimizdan qolgan tarixiy, ilmiy va madaniy merosni chuqur o‘rganish muhimligini alohida ta’kidladi. Qardosh turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etish, umumiy milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, yosh avlodni yuksak ma’naviyatli va barkamol insonlar etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishning muhim shartlaridan biri ekani qayd etildi.

Ilmiy muhokamalar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, tadqiqot natijalari va amaliy takliflar bilan o‘rtoqlashdi. Fikr almashuvlar turkiy xalqlarning mushtarak ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.
Anjuman doirasida 100 dan ziyod ilmiy maqola va tezislar jamlandi. Ular orasidan eng dolzarb masalalarni qamrab olgan va ilmiy ahamiyati bilan ajralib turgan ishlar saralab olindi.
N.Usmonova,
O‘zA