Murojaatlarning ijro holati ko‘rib chiqildi
Sirdaryo viloyatida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularning muammolarini manzilli hal etish hamda mas’ullarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Payshanba – yoshlar kuni” doirasida yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlar, shuningdek, otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash holati atroflicha muhokama qilindi.

Tahlillar davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunar va ta’lim masalalari, sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari, kommunal xizmatlar hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid murojaatlarning ijro holati ko‘rib chiqildi.

Ayrim holatlarda muammolarni hal etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilmagani tanqid qilindi.

Yig‘ilishda otaliqqa biriktirilgan yoshlar bilan ishlash jarayoni alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Mas’ullar tomonidan yoshlarning hayot sharoiti va ehtiyojlarini o‘rganish, ularning muammolariga yechim topish borasidagi ishlar tahlil qilinib, vazifalarga rasmiyatchilik bilan yondashilgan holatlar keskin tanqid qilindi.

Xususan, biriktirilgan yoshlar bilan umuman uchrashmagan, ularning muammolarini o‘rganmagan yoki amaliy yordam ko‘rsatishda yetarli tashabbus namoyon etmagan rahbar va mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.

Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish, har bir holat bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatni oshirish hamda nazorat mexanizmlarini kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yoshlar bilan ishlash faqat hisobotlar yoki rasmiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki aniq natija va inson taqdiridagi ijobiy o‘zgarishlar bilan baholanadi. Shu nuqtai nazardan, otaliqqa olingan har bir yoshning muammosini o‘rganish, uning ta’lim olishi, ish bilan ta’minlanishi va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish mas’ullarning ustuvor vazifasi ekani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida yoshlar murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli hal etish, otaliqqa olingan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, bu boradagi ishlar uchun rahbarlarning shaxsiy javobgarligini yanada kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri