Murojaatlar tahlil qilinib, vazifalar belgilab olindi
Iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va tizim samaradorligini oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Sirdaryo viloyatida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 2026-yilning ikkinchi choragida kelib tushgan 390 ta murojaatning 376 tasi, ya’ni 96 foizi ijobiy hal etildi. Bu haqda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati hududiy birlashmasining navbatdagi Kengash yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Federatsiya Kengashining 2026-yil 17-iyuldagi qarori ijrosi, tuman va shahar jamiyatlarining ikkinchi chorakdagi faoliyati, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, murojaatlar bilan ishlash samaradorligi, huquqiy targ‘ibot, jamoatchilik nazorati va a’zolik bazasini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Federatsiyaning Sirdaryo viloyati hududiy birlashmasi tizimida 11 ta tuman (shahar) jamiyati faoliyat yuritmoqda. Ularda 24 nafar xodim mehnat qilmoqda. Shuningdek, korxona, tashkilot va ta’lim muassasalarida Federatsiyaning 19 ming 870 nafar a’zosi hamda 66 ta tayanch guruhi faoliyat olib bormoqda.
Hisobot davrida murojaatlar Prezidentning virtual qabulxonasi, Bosh prokuraturaning ishonch telefonlari, Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch xizmati, istemol.uz virtual qabulxonasi hamda PotrebitelUz-bot telegram-boti orqali qabul qilinib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning asosiy qismi savdo va xizmat ko‘rsatish sifati, kommunal xizmatlar, shartnoma munosabatlari hamda iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ri keldi.

Yig‘ilishda ayrim tuman va shahar jamiyatlari faoliyatida aniqlangan kamchiliklarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, murojaatlar bilan ishlash, huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish, monitoring tadbirlarini samarali tashkil etish, Federatsiya a’zolari sonini oshirish va ijro intizomini ta’minlash borasidagi ishlar barcha hududlarda bir xil darajada emasligi qayd etildi. Shu munosabat bilan mas’ullarga aniq muddatlar asosida «Yo‘l xaritalari» ishlab chiqish, har bir ko‘rsatkich bo‘yicha natijadorlikni oshirish va kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati hududiy birlashmasi raisi Jonibek Yariyev hisobot yig‘ilishlari nafaqat amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinadigan, balki tizim faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olinadigan muhim maydon ekanini ta’kidladi.

— Maqsadimiz raqam emas, inson manfaatidir. Har bir murojaat ortida fuqaroning huquqi, ishonchi va adolatga bo‘lgan umidi mujassam. Shuning uchun murojaatlarni o‘z vaqtida va qonuniy hal etish, huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini kengaytirish hamda iste’molchilarning huquqiy savodxonligini yuksaltirish bizning ustuvor vazifamiz hisoblanadi. Bu esa iste’molchilarning tizimimizga, qolaversa, bizga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi, — dedi Jonibek Yariyev.

Yig‘ilish yakunida murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirish, hamkor tashkilotlar bilan ishlarni faollashtirish hamda Federatsiya a’zolari sonini ko‘paytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA