Murojaatlar e’tiborsiz qolmaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Buxoro viloyati Olot tumanidagi Xalq qabulxonasiga o‘tgan 2021 yil 1 iyulga qadar tumandagi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 3 ming 795 ta murojaat kelib tushgan.
Olot tumanidan tushgan murojaatlarni mutasaddilar tomonidan o‘rganish natijasida qanoatlantirish darajasi 85,4 foizni, ijobiy hal etish darajasi esa 32,3 foizni tashkil etadi. Tahlillarga ko‘ra, gaz, elektr sohasiga oid 191 ta, moddiy yordam 77 ta, sog‘liqni saqlash 67 ta, ish bilan ta’minlash 64 ta, yo‘l qurilishiga oid 62 ta, aliment undirishga oid 59 ta, maktab ta’limi masalalariga oid 38 ta, sud masalalariga oid 36 ta, boshqa turli masalalarga oid 460 ta murojaat ijobiy yechimini topgan.
– Qizimni davolatish uchun amaliy yordam berishni so‘rab qilgan murojaatim ijobiy hal etildi, – deydi Olot tumani G‘anchi-Chandir mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro Zulxumor Umirova. – Murojaatim tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan o‘rganildi. Qizim terapiya bo‘limida davolandi hamda kerakli dori-darmonlar bilan bepul taminlandi.
[gallery-3041]
– Zangiota ko‘chasidagi elektr ustunlar va transformatorlarni almashtirish masalasida murojaat qildim, – deydi Olot tumani Bo‘ston MFYda yashovchi fuqaro Yaxshimurod Rahimov. – Tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan elektr ustunlar va transformator to‘liq ta’mirlab berildi. Bundan hudud aholisi mamnun.
Tuman bo‘yicha tushgan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda murojaatlarning eng ko‘pi ish bilan ta’minlash, kredit olish, moddiy yordam olish, gaz, elektr va ichimlik suvi ta’minoti, yo‘l qurilishi, uy-joylarini ta’mirlash, sog‘liqni saqlash sohasidagi murojaatlardir.
Joriy yilning 1 iyuliga qadar viloyat va tuman sektor rahbarlari va boshqa davlat organlari rahbarlarining aholi bilan 91 marotaba ommaviy sayyor qabullari o‘tkazilgan. Sayyor qabullarda qilingan murojaatlar soni 414 tani tashkil etgan. Sayyor qabul va uchrashuvlarda tushgan murojaatlarning asosiy qismini kredit olish, ish bilan ta’minlash, yo‘l qurilishi, gaz, elektr, suv ta’minoti, uy-joy, yer bilan ta’minlash, moddiy yordam olish sohasidagi murojaatlar tashkil etmoqda. Ommaviy sayyor qabullarda tushgan murojaatlarning 89,6 foizi qanoatlantirilgan.
Shuningdek, tuman sektorlar rahbarlari ishtirokidagi sayyor qabullar va uchrashuvlarda ham aholini qiynab kelayotgan bir qancha dolzarb muammolar o‘rganilgan va imkon darajasida joyida ijobiy hal qilinib kelinmoqda.
O‘tgan 2020 yil davomida tumanda aholini qiynab kelayotgan dolzarb muammolar ishchi guruhlar tomonidan o‘rganilib hal qilish uchun mablag‘ va muddat talab qiluvchi muammolarni bartaraf qilish uchun Xalq qabulxonasi tomonidan tegishli mutasaddilarga davlat dasturlarini ishlab chiqishda inobatga olish maqsadida takliflar kiritilgan. Ushbu takliflar inobatga olinib 2021 yilning o‘tgan davrida Davlat dasturlari asosida 69 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. Foydalanilmay turgan 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. 2 ta MFY binosi yangidan qurildi.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA