Murojaatlar bir necha daqiqada hal etilmoqda
Bugungi kunda aholi va tadbirkorlarga sifatli, tezkor, qulay va ishonchli xizmat koʻrsatayotgan davlat xizmatlari markazlari xalqimizning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilmoqda.
Bugungi kunda aholi va tadbirkorlarga sifatli, tezkor, qulay va ishonchli xizmat koʻrsatayotgan davlat xizmatlari markazlari xalqimizning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilmoqda.
Buni joriy yilning dastlabki choragida Buxoro viloyati davlat xizmatlari markazlariga kelib tushgan murojaatlar misolida ham koʻrish mumkin.
Viloyatning shahar va tumanlardagi davlat xizmatlari markazlariga dastlabki 3 oyda 131 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Shundan qurilishi tugallangan (rekonstruksiya qilingan) obyektni foydalanishga qabul qilish 1 ming 843 ta, bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish 15 ming 221 ta, fuqaroni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish 3 ming 704 tani tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni taʼminlaydigan elektron raqamli imzo sertifikatini berish, obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsat berish, tabiiy gazni hisobga olish priborini plombalash va gaz taʼminoti shartnomasini tuzish, suv taʼminoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish, turar joylarni noturar joy toifasiga oʻtkazishga ruxsat berish, milliy haydovchilik guvohnomalarning yangi namunalarini berish boʻyicha ham murojaatlar boʻlgan.
Hozirgi sinovli kunlarda ham Davlat xizmatlari markazlari faoliyat olib bormoqda. Markazning hududiy boʻlimlari tomonidan sanitariya gigiyena qoidalariga rioya qilingan holda, aholi xavfsizligini taʼminlab, xizmat koʻrsatilmoqda. Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan barcha xizmatlar elektron shaklda my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda va faqat kechiktirib boʻlmaydigan holatlardagina idoralarda amalga oshiriladi. Shuningdek, FHDYO boʻlimlarida fuqarolar xodimlarning navbatchiligi asosida kechiktirib boʻlmaydigan holatlardagina (tugʻilish va oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish) tashkil qilingan darcha orqali qabul qilinishi belgilab qoʻyilgan. Markazlarda elektron raqamli imzo berish xizmati ham koʻrsatilmoqda.
– Bir necha yildan buyon oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelamiz, – deydi tadbirkor Siroj Saidov. – Faoliyatimiz non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishdan iborat. Baʼzi xizmatlardan foydalanish uchun Elektron raqamli imzo talab qilinganligi sababli markazga murojaat qilgandim. Markaz xodimlari bir necha daqiqada ishimni hal qilib berdi.
Markazdagi yana bir qulaylik agarda elektron raqamli imzoning muddati tugagan boʻlsa, uni endi onlayn ravishda yangilash ham mumkin. Buning uchun, ERI kalitlari egalari e-imzo.uz veb-saytidagi shaxsiy kabinetga kirish va menyudan “ERI kalitini yaratish”ni tanlashlari kerak boʻladi. Operatsiyani tasdiqlash uchun telefon raqamini kiritish lozim. Anketa maʼlumotlari tekshirilganidan soʻng fuqaroning mobil telefoniga SMS orqali yuborilgan tasdiqlash kodini kiritish shart. Bu bilan foydalanuvchi xizmatlarni taqdim etish, ERI kalitlarini yaratish va berish boʻyicha ommaviy oferta shartlariga rozi boʻladi. Shundan soʻng, yangi ERI kaliti uchun parol kiritiladi. Parolni eslab qolish yoki saqlash kerak, chunki u yoʻqolganda parol va raqamli imzo kalitini qayta tiklashning imkoni boʻlmaydi. Endilikda elektron raqamli imzo kalitini onlayn shaklda olish imkoniyatini yaratish ustida ham ish olib borilmoqda.
Aholi hamda yuridik shaxslarga sifatli davlat xizmatlarini koʻrsatish imkonini beruvchi bunday sharoitlar “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi“ tamoyilining amalda bajarilishiga mustahkam zamin yaratmoqda.