Murojaat e’tiborsiz qolmadi
Inson qadrini ulug‘lash, aholi murojaatlarini tinglash va har bir muammoga amaliy yechim topish bugungi islohotlarning bosh mezoniga aylanmoqda. Ana shu ezgu tamoyillar asosida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida joylarda aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli ishlar izchil davom etmoqda.
Bu safar Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan “Bir oila – bir homiy” aksiyasi ana shunday ezgu tashabbuslarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Ma’lumki, joriy yil 25-aprel kuni partiya tomonidan tashkil etilgan sayyor qabulda Birlik mahallasida yashovchi fuqaro Zulfiya Farmonova o‘zining hayotiy muammolari bilan murojaat qilgan edi. Shu bo‘yicha partiya vakillari, mutasaddi tashkilotlar hamda tashabbuskor tadbirkorlar ishtirokida atroflicha o‘rganish ishlari olib borildi.

Jarayonda bu fuqaroning yashash xonadoni ta’mirtalab holatga kelib qolgani, sog‘ligi bilan bog‘liq muammolari mavjudligi aniqlandi. Murojaat e’tiborsiz qolmadi. Partiyaning faol a’zosi bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan ushbu oilani homiylikka olib, xonadonni ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallari va xom ashyolarni yetkazib berildi. Bu esa oilaning yashash sharoitini yaxshilash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Shu bilan birga, tuman hokimligi va O‘zLiDeP tuman Kengashi hamkorligida Z.Farmonovaning salomatligini tiklashi uchun Bo‘stonliq tumanidagi sihatgohga bepul davolanishga yuborildi. Bu amaliy yordam faqat bir martalik xayriya emas, balki insonni hayotda mustahkam turishiga xizmat qiladigan, ertangi yorug‘ kunga ishonch beradigan tizimli qo‘llab-quvvatlashning bir qismi hisoblanadi.
Aslida “Bir oila – bir homiy” aksiyasining asosiy maqsadi ham aynan shu biznes vakillari tomonidan eng ehtiyojmand oilalarni bir yil muddatga homiylikka olish, ularning ijtimoiy muammolarini bosqichma-bosqich hal etish va munosib turmush sharoitini yaratishdir. Mazkur sa’y-harakatlar doirasida ehtiyojmand oilalar oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlanadi, farzandlarining ta’lim olishi uchun zarur vositalar yetkazib beriladi, mehnatga layoqatli oila a’zolarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi. Eng muhimi, bunday yondashuv oilalarni vaqtinchalik emas, balki barqaror daromad manbaiga ega bo‘lish orqali kambag‘allikdan chiqarishga xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, inson manfaati, aholi dardiga befarq bo‘lmaslik va ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash – “Xalq bilan birga” umummilliy dasturining ustuvor maqsadlaridan biri bo‘lib qolmoqda. “Bir oila – bir homiy” aksiyasi esa ezgulik va hamjihatlik tamoyillari asosida ko‘plab oilalarga yangi umid, munosib hayot va farovon kelajak sari ishonch bag‘ishlayotgan amaliy tashabbus sifatida o‘z samarasini bermoqda.
A.Musayev, O‘zA