Murakkab jarrohlik amaliyoti: islohot va samara
Qashqadaryo viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi negizidagi hududiy mintaqaviy filiallarda murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
– Respublika ixtisoslashtirilgan Urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo mintaqaviy filialiga rezektoskop apparati va endoskopik stoykasi yordamida «Transuretral rezeksiya Adenoma» jarrohlik amaliyotini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi, – deydi viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi rahbari Toʻlqin Rasulov. – 2021-yil 29-sentyabr kuni birinchi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Kelajakda markazda boshqa jarrohlik amaliyotlari ham yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo mintaqaviy filialida ham «Uzun naysimon suyaklarda «BIOS» sterjen bilan osteosintez», «Yirik bugʻimlarda endoprotezlash» kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Eng muhimi markazda murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish uchun zarur sharoit va yuqori malakaga ega boʻlgan 20 nafar yetakchi mutaxassis shifokorlar jamlangan. Oʻtgan yilda aholiga diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, shu jumladan, teletibbiyotni joriy etish hamda raqamlashtirish, kasallik registrini yaratish, shuningdek, tibbiy jihozlar va zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlash maqsadida markazga 4 ta gidravlik jarrohlik stoli, 4 ta operatsion lampa, 2 ta elektroxirurgik koagullyator apparati, 1 ta nabor elektroxirurgik generator (TEKNO TOM 411PRO) bipolyar rezektoskop va 7 ta fizioterapevtik apparat xarid qilindi. “Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash” loyihasi doirasida zamonaviy MRT uskunasi ishga tushirildi.
[gallery-6233]
Markazda faoliyat yuritayotgan kadrlarning malakasini oshirish doimiy eʼtiborda. Jumladan, ularning Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya kabi davlatlarning nufuzli klinika va tibbiyot muassasalarida malaka oshirishi yoʻlga qoʻyilgan.
Maʼlumot oʻrnida Qashqadaryo viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazi 439 oʻringa moʻljallangan. Bu yerda bir oyda 1 ming 500, bir yilda 18 mingdan ortiq bemorga tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda.
Oʻlmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), OʻzA.