Muqobil energiya: samarali va tejamkor
“Jizzax” maxsus industrial zonasida “Maxsus industrial zonalar faoliyatiga bir nazar”mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.
“Jizzax” maxsus industrial zonasida “Maxsus industrial zonalar faoliyatiga bir nazar”mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan “Muqobil energiya manbalari – innovatsion taraqqiyot uchun” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, maxsus industrial zonadagi “Toshtepatekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida tabiiy boyliklardan oqilona va samarali foydalanish, ekologik toza energiya manbalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha huquqiy-me’yoriy hujjatlar ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etishda partiyaning o‘rni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
– Muqobil energiya manbalaridan foydalanish mavzusidagi tadbirni o‘tkazishga ushbu korxonani bejiz tanlamadik, – deydi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi raisining o‘rinbosari Nigora Jo‘rayeva. – “Jizzax” maxsus industrial zonasida zamonaviy korxonalarni barpo etishda energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biz ushbu dolzarb masalaga hududda ishlayotgan faollarimiz diqqatini o‘z korxonasi manfaatidan emas, umumdavlat, global taraqqiyot ko‘lamidan kelib chiqqan holda, jalb etishga harakat qildik.
Tadbir ishtirokchilariga mavzuga oid ma’lumotlar berildi, qo‘llanmalar tarqatildi. Kelgusida ushbu korxona bilan partiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.