Muqobil energiya: arzon va tejamkor
Namangan viloyatining Pop tumani Yangiobod qishlog‘ida quyosh fotoelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi, Sanoat fotoelektr assotsiatsiyasi, Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi mas’ul xodimlari, viloyat va tuman hokimligi vakillari va mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda energiyaning arzon, istiqbolli, qayta tiklanadigan, ekologik nuqtai nazardan xavfsiz muqobil manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, ilmiy-tadqiqot muassasalariga qayta tiklanadigan elektr manbalari ustida izlanishlar olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, muqobil energiya manbalarini yaratish bo‘yicha ilg‘or xorijiy davlatlar, xususan, Koreya Respublikasi bilan hamkorlikning istiqbollari xususida so‘z yuritildi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda, – deydi Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi birinchi kotibi Jon Te Yun. – Elektr quvvati ishlab chiqaradigan ushbu stansiya energetika sohasidagi hamkorligimiz istiqbollarini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda yagona bo‘lgan mazkur stansiya Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi o‘rtasida Namangan viloyatining Pop tumanida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda quvvati 130 kVt bo‘lgan tajriba quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha imzolangan memorandumga muvofiq barpo etildi.
Zamonaviy elektr stansiyasining qurilish va montaj ishlari “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari mutaxassislari ishtirokida “Elektrqishloqqurilish” ochiq aksiyadorlik jamiyatining 11-jamlanmasi bosh pudratchiligida amalga oshirildi. Umumiy qiymati 700 ming AQSh dollariga teng loyiha asosida 0,3 gektardan ziyod maydonni egallagan stansiyaga Koreya Respublikasi Fotoelektr sanoati uyushmasiga kiruvchi “Hanwh”, “JSPV”, “S-Energy” va “TopSun” kompaniyalarining to‘rt turdagi uskunalari o‘rnatildi. 492 fotoelementli panel va ular to‘plagan quyosh energiyasini elektr tokiga aylantirib, to‘plab, uzatuvchi zamonaviy texnik qurilmalardan iborat yangi energiya manbai kuniga 500-600 kVt soat elektr berish quvvatiga ega. Texnik xizmat ko‘rsatish va nazorat binosida stansiya faoliyati komputerlashgan tizim orqali boshqarilib, nazorat qilib boriladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘tgan vaqt mobaynida quyosh energiyasi yordamida 23 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste’molchilarga yetkazib berildi. Stansiya turli xildagi texnologik yechimga ega zamonaviy quyosh panellari va modullarini sinovdan o‘tkazish, yuqori foydali ish koeffitsientini ta’minlaydigan eng samarali yechimlarni tanlash uchun O‘zbekiston iqlim sharoitida texnik-iqtisodiy parametrlarni aniqlash, shu turdagi stansiyalarni ekspluatatsiya qilishning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va quyosh energetikasi sohasida mutaxassislar tayyorlash markazi sifatida ham xizmat qiladi.
Bu kabi loyihalarning amalga oshirilishi mamlakatimizda quyosh energetikasini rivojlantirish, yangi istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish va ekspertiza qilishda ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.