Munosib nomzodlar uchun ovoz berdik
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga saylovlar Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida qizg‘in davom etmoqda. Andijonliklar saylovda ko‘tarinki kayfiyat va faollik bilan ishtirok etmoqda. Ularning ayrimlari bilan suhbatda bo‘ldik.
Nargizaxon Soliyeva, Andijon viloyati, Izboskan tumani Solboshi mahallasida yashovchi hunarmand:
– Men bugun Izboskan tumanidagi “Solboshi” mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida joylashgan 493-saylov uchastkasida o‘zim munosib deb bilgan Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar uchun ovoz berdim.
Yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligini yuksalishida shubhasiz, bugun bo‘lib o‘tayotgan saylovlar muhim ahamiyat kasb etadi. Men oddiy bir hunarmandman. Farzandlarim, shogirdlarim bilan o‘z xonadonimda milliy qo‘g‘irchoqlar tayyorlash bilan shug‘ullanaman. Sir emaski, keyingi yillarda mamlakatimizda biz hunarmandlarning emin-erkin faoliyat yuritishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratildi, yangi qonunlar qabul qilindi, faoliyat yuritish va soliq to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar belgilandi. Albatta, bunda barcha darajadagi deputatlarning alohida xizmatlari bor.
Bizga ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli hunarimiz ortidan daromad topib, nafaqat oilamizni tebratish, balki ishsiz mahalladoshlarimiz bandligini ta’minlash, yurtimiz iqtisodiyoti va Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘ldik.
Bugungi saylovlarda barcha yurtdoshlarimiz faol qatnashmoqda. Chunki saylovlar ularning kelajagi, hayotimizning qay darajada bo‘lishiga, saylanadigan deputatlarning milliy qonunchiligimiz rivoji, joylardagi mavjud muammolarning hal etilishi, tumanimiz, viloyatimiz va mamlakatimiz ravnaqiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Ishonamanki, men ovoz bergan nomzodlar, xalq vakili sifatida yurtimiz iqtisodiyotini yanada ko‘tarishga, men kabi hunarmand va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Gulsevar Xo‘jamova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining Andijon viloyatidagi lideri va koordinatori:
– Men Jalaquduq tumanidagi 37-umumta’lim maktabida tashkil etilgan 449-saylov uchastkasiga kelib ovoz berdim. Yurtimiz kelajagi, yurtdoshlarimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan saylovlarda eng munosiblar uchun ovoz berish baribir hayajonli. Bunday damda kishini burch, mas’uliyat, iftixor tuyg‘ulari chulg‘ab oladi.

Saylovlarda men kabi yoshlarning faol ishtirok etayotganligi bejiz emas, albatta. Chunki yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarish, muammolarini hal etishga qaratilgan juda katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda.
Biz yoshlar ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar tufayli ham turli sohalarda yuksak natijalarga erishyapmiz. Jumladan, bugungi kunda Yoshlar akademiyasi a’zosi bo‘lgan andijonlik yoshlar tomonidan nafaqat viloyatimiz, balki mamlakatimiz miqyosidagi mavjud muammolarga innovatsion yechim topishga qaratilgan loyihalar ishlab chiqilayotganligi, ixtirolar qilinayotganligi, yangi-yangi g‘oyalar taklif etilayotganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlarga yorqin misoldir.
Yoshlarini qo‘llab-quvvatlayotgan yurtimiz, Prezidentimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Bugungi saylovlarda saylanadigan deputatlarimiz ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirishiga, yurtimiz ravnaqi uchun munosib xizmat qilishiga ishonaman.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari