Mumtoz san’at targ‘ibotida yoshlar ham faol
Davlatimiz rahbarining "Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga asosan mamlakatimizning turli jabhalarida mehnat qilayotgan bir guruh faol yigit-qizlar "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlandi.
Ular safida O‘zbek milliy maqom markazining Yunus Rajabiy nomidagi "Maqom" ansambli xonandasi Nargizaxon Rahmonova ham bor.
E’tiborga molik jihati, mazkur ijodiy jamoaning Rustam Mirminov, Lazizbek Muxtorov, Mohichehra Jumanova, Feruzbek Norov, Dostonbek Aliyev singari besh nafar ijodkor xonandasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Keyingi yillarda milliy maqom san’atimizga bo‘lgan e’tibor ushbu san’atning mavqei va obro‘sini tobora yuksaltirish, uni yurtimiz va xorijda kengroq targ‘ib etish imkonini bermoqda. Maqom san’atini o‘rganish va targ‘ib etishda yoshlarning ishtiroki tobora ortmoqda.

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati instituti tashkil etilib, uning faoliyati samarali yo‘lga qo‘yildi.
Yurtimizning barcha hududlarida namunaviy maqom ansambllari ish olib bormoqda. Bolalar musiqa va san’at maktablarida ushbu mumtoz san’at yoshlarga o‘rgatilmoqda.
Ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov rahbarlik qilayotgan Yunus Rajabiy nomidagi "Maqom" ansambli tarkibida ijod qilayotgan san’atkorlarning aksariyatini ham Nargiza Rahmonova singari yoshlar tashkil etishi maqomdek qadimiy va betakror, g‘oyat mukammal va murakkab musiqa san’atimizga yosh avlodning befarq emasligini ko‘rsatmoqda.
Nargiza Rahmonova yosh bo‘lsa-da, maqom ansamblida faoliyat ko‘rsatishi bilan birga Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek Milliy musiqa san’ati institutida o‘qituvchilik qiladi.
U o‘z ijro yo‘li, o‘z usuli va ovoziga ega bo‘lgan, izlanishlardan tinmaydigan, qiyinchiliklardan cho‘chimaydigan san’atkorlardan sanaladi.
Nargiza Rahmonova Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Nodira kabi mumtoz adabiyotimiz vakillari so‘zlari bilan aytiluvchi qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro etadi.
Xonanda yaqinda Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan "Eng yaxshi qo‘shiqlar tanlovi"da birinchi o‘ringa munosib topildi.
Maqom ansambli tarkibida u bir qator xalqaro va respublika miqyosidagi festivallar, tanlovlar, musiqiy bayram dasturlarida, "Nazm va navo" kechalarida faol ishtirok etib kelmoqda.
- Maqom juda mumtoz, go‘zal va betakror san’at, - dedi Nargiza Rahmonova. - Uni targ‘ib etish katta bilim va mahorat talab etadi. Davlatimiz rahbarining biz yoshlarga ko‘rsatayotgan e’tibori yanada ko‘proq mas’uliyat bilan izlanish va ijod qilishga undaydi.
Nazokat Usmonova, O‘zA