Muloqot bizni yangi yutuqlarga da’vat etadi
Uch yildirki, 20 avgust mamlakatimizda tadbirkorlar kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbarining soha xodimlari bilan Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida o‘tkazgan bu yilgi an’anaviy ochiq muloqoti davomida so‘zga chiqqan tadbirkor va ishbilarmonlarga bildirgan fikrlari, yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratib, odamlarni daromadli qilishga, kambag‘allikni qisqartirishga qattiq bel bog‘lagan peshqadam tadbirkorlarga minnatdorchilik bildirgani, ayniqsa, davlatimiz rahbarining biz kichik va xususiy biznes vakillariga qarata aytgan quyidagi so‘zlari barchamizni yangi marralarni egallashga da’vat etishi turgan gap:
“Sizlar yangilik yaratishdan, tashabbus ko‘rsatishdan charchamanglar. Sizlarni qo‘llab-quvvatlashga, yanada qulay sharoitlar yaratib berishga men doim tayyorman!”

Men ham zalda o‘tirib mazkur so‘zlarni tinglab, faoliyatimni yanada rivojalantirishga qaror qildim. Davlatimiz rahbari aytganidek, yangidan-yangi ish o‘rinlari yaratib, odamlarni daromadli qilishga, kambag‘allikni qisqartirishga qattiq bel bog‘ladim. Katta bir mas’uliyatni bo‘ynimga olib, viloyat oziq-ovqat sanoati rivojiga hissa qo‘shishga ahd qildim.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatimiz tomonidan har biri 50 kilogramm bo‘lgan, rangli qoplarda qadoqlab chiqarilayotgan “Volidam”, “Nur”, “Parvona” brendiga mansub birinchi navli un mahsuloti allaqachon o‘z xaridorlarini topdi. Bir necha yil burun Kogon shahrining Xo‘jabargi ko‘chasi yoqasida, bo‘sh yotgan yerdan 5,9 gektarini o‘z tasarrufimizga olib, qurilishni boshlaganmiz. Buning uchun bizni bank 2 million AQSH dollaridan ziyod imtiyozli kredit mablag‘i bilan qo‘llab-quvvatlagan. Bu sarmoyaga bug‘doyni qabul qilish tarozixonasi, qayta ishlash sexi, omborxona, qo‘shimcha sexlarni barpo etib, zarur uskuna va dastgohlar bilan jihozladik. Ishlab chiqarish quvvatini oshirganimiz hisobidan ishchi sonini ko‘paytirib, 70 nafarga yetkazdik. Ular kuchi bilan kuniga 120 tonna sara bug‘doyni qabul qilib, qayta ishlayapmiz. Agar kuniga 75-80 tonna atrofida birinchi va ikkinchi navli unni qadoqlab sotuvga chiqarayotgan bo‘lsak, ikkilamchi mahsulot sifatida kepak, yana bug‘doy qipig‘idan mahalliy chorvadorlarga hamda mayda shoxli mol boqadigan xo‘jaliklarga ozuqa birligini tayyorlab yetkazib bermoqdamiz.
Mahsulotning xaridorgirligi ishlab chiqarishga yo‘naltirilayotgan xomashyoning saraligi va ta’minotiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Shu bois korxonamiz Buxoro viloyatidagi agroklasterlarda yetishtirilgan mahalliy bug‘doy hosilini birja savdolari orqali xarid qilish bilan birga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidan yuqori sifatli bug‘doy olishni yo‘lga qo‘ygan. Mahsulot hajmi tobora oshib bormoqda. Un kombinatini yuqori unumli zamonaviy texnologiya bilan ta’minlash maqsadida Turkiya davlatining “Gimach” kompaniyasi bilan o‘rnatilgan o‘zaro teng manfaatli yaqin hamkorlik o‘z samarasini bermoqda. Ya’ni turkiyalik mutaxassislar tomonidan 7 million AQSH dollariga teng biznes loyiha amaliyoti ustida ish olib borilib, yarim avtomatlashtirilgan tizimda ishlovchi tegirmon va ilg‘or dastgohlar o‘rnatilganligi ham ishlab chiqarishda yuqori natijalarga erishish imkoniyatini bermoqda.
Kombinatda ikkilamchi mahsulot sifatida chorva ozuqasiga talab va ehtiyoj oshib borayotganini inobatga olgan holda ishlab chiqariladigan bug‘doy qipig‘i va kepak hajmini kuniga 125 tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu ozuqa nafaqat qo‘y-echkichilik xo‘jaliklari, balki baliqchilik, parrandachilik, quyonchilik va boshqa tarmoqlarda ham juda asqatadi.
Qayd etish joizki, mazkur loyihaning ishga tushirilishi orqali viloyatning eksport ko‘rsatkichlari uchun qo‘shimcha 3,0 mln. dollarlik zaxira bazasi yaratilib, 1,5 mlrd. so‘mlik byudjetga qo‘shimcha tushumlar tushishi ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbarining bu yilgi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida ilgari surilgan ustuvor vazifalar hech shubhasiz, mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan hisoblangan tadbirkorlik sohasini rivojlantirish imkonini berishi bilan birga xalqimiz turmush farovonligini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Nodir Hamdamov,
Kogon shahridagi “Akbarjon Barakat” MCHJ ta’sischisi,
O`zLiDeP dan saylangan mahalliy Kengash deputati.
O‘zA