Mulk o‘ziniki bo‘lsa, tadbirkor jon kuydirib ishlaydi...
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan press-turda ayni shu mavzuga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentimizning 2019 yil 14 yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasining Davlat aktivlarini boshqarish agentligining asosiy vazifalari sifatida davlat aktivlarini boshqarish, davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarishning bozor mexanizmlarini ishlab chiqish, davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, ushbu korxonalar faoliyatining samaradorligi uchun ularning boshqaruv organlari mas’uliyatini oshirish belgilangan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan press-turda ayni shu mavzuga alohida e’tibor qaratildi.
Press-tur Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasida matbuot anjumani bilan boshlandi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillariga agentlikning viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Viloyatda bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlarini aniqlash, mahalliy hokimliklar va balans saqlovchi tashkilotlar bilan hamkorlikda ulardan kelgusida samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, xatlovlar natijasida aniqlangan 450 ta bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektidan 137 tasining faoliyati tiklangan. 23 ta ob’ekt transport qatnovi yo‘liga tushganligi va boshqa holatlar sababli o‘rnatilgan tartibda buzilgan. 31 tasi aholi ehtiyoji uchun belgilangan tartibda turar joyga o‘tkazilgan. 83 tasi tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan.
– Bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlarining investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda “1 so‘m”ga teng qiymatdagi boshlang‘ich narxda “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasi orqali sotilishi tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratdi, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Mustafoxon Sultonov. – 2019 yilda xususiylashtirish dasturi asosida 44 ta bo‘sh turgan davlat ob’ekti “1 so‘m” qiymatda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasi orqali 20,9 milliard so‘m va 150 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish hamda 492 ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyati bilan sotildi. Shuningdek, hozirgi kunda 13 ta bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ekti 14,4 milliard so‘mlik investitsiya kiritish va 131 ta yangi ish o‘rni yaratish majburiyati bilan “1 so‘m” qiymatdagi boshlang‘ich narxda “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasida savdoga qo‘yilgan.
Tadbir ishtirokchilari Qarshi shahridagi sobiq “Qarshi avtoshohbekat” binosi o‘rnida tashkil etilgan “GRANT MEBEL DIZAYN” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Davlat mol-mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolari o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining va viloyat hududiy tanlov komissiyasining bayonlariga asosan Qarshi shahrida joylashgan “Qarshi avtoshohbekat” binosi foydalanilmayotgani sababli, yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan, investitsiya majburiyatlari evaziga “nol” qiymatda sotilishi bo‘yicha komissiya tomonidan “GRANT MEBEL DIZAYN” mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘olib deb topilib, oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
– Mazkur shartnomaga asosan ushbu ob’ektda qurilish va binoni rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi, – deydi tadbirkor Ravshan Komilov. – Hudud obodonlashtirilib, 2 milliard 107 million so‘m investitsiya kiritildi. Shuning hisobiga xorijdan zamonaviy mebel ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uskunalar olib kelindi. Hozir asosan oshxona, bolalar yotog‘i, mehmonxona va ofis mebellari ishlab chiqarilmoqda. Bu 45 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
“O‘zsharobsanoat” aksiyadorlik jamiyatining Yakkabog‘ tumanidagi “Davr sharob” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2015 yilda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan. Korxona tashkil etilgandan buyon 2019 yilning birinchi yarmiga qadar faoliyat ko‘rsatmasdan kelgan.
– Davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi farmoniga muvofiq, “O‘zsharobsanoat” aksiyadorlik jamiyatining “Davr sharob” mas’uliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi 10,1 foiz ulushi davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazildi, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘ktam Nusurov. – Jamiyat faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilindi. Agentlikning amaliy yordami bilan “aroq va likyor” mahsulotlari ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma olinib, 2019 yilning oktabr oyidan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 130 ta yangi ish o‘rni yaratildi va jamiyat tomonidan kuniga 1 ming 300 dekolitr tayyor mahsulot chiqarilmoqda. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan “Davr sharob” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ustav kapitalidagi 10,1 foiz davlat ulushiga imtiyozli huquq qo‘llanilmasdan, jamiyatning sof aktivlarining ulushiga teng bo‘lgan boshlang‘ich bahosi bo‘yicha ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan va “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasida auksion savdosiga chiqarilgan. Maqsad– korxonani to‘liq davlat tasarrufidan chiqarish.
Shahrisabz shahridagi “Shahrisabz yulduzi” davlat unitar korxonasi ham 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, to‘liq davlat tasarrufida. Bugungi kunda mazkur mehmonxona zamon talabiga to‘la javob bermaydi. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 avgustdagi “Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ushbu mehmonxona ham ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan va sotuvga qo‘yilgan. Jurnalist va blogerlar mehmonxonadagi mavjud holat bilan tanishishdi.
Xulosa shuki, ob’ekt yoki inshoot tadbirkorga xususiylashtirib berilsa, u o‘z manfaati uchun jon kuydirib ishlaydi, sarmoya kiritadi, o‘zgarishlar qiladi, yangi texnologiyalar olib keladi. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratadi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi esa bu borada tadbirkorlarga eng yaqin ko‘makdosh bo‘lmoqda.