Mukofotga loyiq ko‘rildingmi, buni oqlash kerak
Ekologiya va tabiat. Bugun ekologiya musaffoligini asrab-avaylash, tabiatni himoya qilish, «yashil makon»ni kengaytirish eng ustuvor masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Zero, ekologiya, atrof tabiiy muhit hayot davomiyligini, inson hayoti xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda ekologik masalalarga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda sohada zamonaviy innovatsion yangiliklarni qo‘llash, buning uchun, avvalo, ushbu yo‘nalishdagi kadrlarni tayyorlash muhim omillardandir. Bu borada, ayniqsa, iqtidorli yoshlarning ekologik masalalarga oid yangi g‘oya va startaplarini qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘mak va motivatsiya berish dolzarb ahamiyatga ega.
Toshkent davlat agrar universiteti Aholi yashash joylarini ko‘kalamzorlashtirish va landshaftli dizayn mutaxassisligi 2-bosqich magistr talabasi Dilmurod Tojiyev bir vaqtning o‘zida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi O‘simlik va hayvonot olami kadastrini yuritish bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritadi. Yosh bo‘lishiga qaramay, o‘z sohasida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan Dilmurod Tojiyev shu yil «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga munosib deb topildi.
1994 yilda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida tug‘ilgan qahramonimiz o‘quvchilik davridanoq a’lo baholarga o‘qib, o‘z ustida ishlashni, turli tanlov, musobaqa va olimpiadalarda faol qatnashishni kanda qilmadi. Bu ishtiyoq talabalik davrida uni yanada faollikka undadi, o‘z tengdoshlari orasida yetakchi bo‘lishiga sababchi bo‘ldi. Toshkent davlat agrar universiteti O‘rmon xo‘jaligi va landshaft dizayn fakultetiga davlat granti asosida talabalikka qabul qilingach, 2017-2020 yillarda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining mazkur fakultetdagi Yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritdi.
Talabalik yillarida bir necha marotaba oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan «Tafakkur sinovlari» respublika ko‘rik-tanlovida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. 2017 yilda Toshkent davlat agrar universitetida tashkil etilgan «Soliq bilimdoni» respublika ko‘rik-tanlovining fakultetlararo bosqichida faxrli 1-o‘rinni egallagan. 2017 yilda oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari uchun «Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni» munosabati bilan o‘tkazilgan «O‘zbekiston yoshlari, agrar soha rivojida mening hissam» nomli ilmiy-amaliy konferensiyada o‘z maqolasi bilan faol ishtirok etgan. «Yil talabasi — 2019» tanlovining universitet bosqichida «Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi» nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2019 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi tomonidan «Innovatsion g‘oyalar yetakchisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, Dilmurod Tojiyev 2019 yilda “International Youth Start UP” (Kazakistan 2019), “World Bank Youth Summit-2019» (Washington.Usa.), “Summer Field School-2019» (Tashkent), “Inno Week - 2019», “International Forum of Trade Union Youth” (Temp 2019) xalqaro tanlovlarida faol ishtirok etgan. O‘ndan ortiq innovatsion, startap va ijtimoiy loyihalar muallifi. “Green Yard” loyihasi tashkilotchisi. Buning uchun 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan taqdirlangan.

Xalqaro startap loyihalar tanlovlarida “Metro Green” loyihasi bilan qatnashgan. “Metro Green” loyihasining maqsadi metro bekatlarining ichini soyasevar o‘simliklar bilan qoplash, yashil manzarani hosil qilish, u yerda doimiy ishlaydigan ishchilar uchun sharoit yaratishdan iborat. Dilmurodning aytishicha, xalqaro tanlovda qatnashgan mazkur loyiha «Toshkent metropoliteni»ga taqdim etilgan va u qo‘llab-quvvatlangan.
Dilmurodning 15dan ortiq ilmiy maqolalari mahalliy va xalqaro jurnallarda chop etilgan. Shuningdek, universitetdagi ustozlari, professor o‘qituvchilar bilan hammualliflik asosida «Lalmikor mevachilik» fanidan amaliy mashg‘ulotlar uchun uslubiy qo‘llanma, «O‘rmon melioratsiyasi» fanidan uslubiy ko‘rsatma, «Aholi turar joylarini ko‘kalamzorlashtirish» fanidan uslubiy qo‘llanma, «O‘rmon yong‘inlari va ularga qarshi kurash» fanidan uslubiy ko‘rsatma chop ettirgan.
2021 yilda «Mo‘’jaz tomorqa» startap loyihasi uchun «Startap tashabbuslari» innovatsion g‘oyalar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash dasturining 5-davriga muvaffaqiyatli qabul qilinganligi uchun BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan sertifikat bilan taqdirlandi.
— Yurtimizda biz yoshlarga yaratilgan keng imkoniyatlar o‘zimizni yuzaga chiqarishimiz uchun katta maydondir, — deydi Dilmurod Tojiyev. — Shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘z sohamda qator innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishga harakat qilyapman. «Qog‘oz daraxtining manzaraviylik xususiyatlari va ko‘paytirish texnologiyasini takomillashtirish» mavzusidagi ilmiy ishim orqali yangiliklar qilishga intilyapman. Somondan qog‘oz olish bo‘yicha 800 million so‘mlik “UzPaper” deb nomlangan loyihani ishlab chiqdim va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etdim. Ayni paytda mazkur loyiha vazirlik tanlovida ko‘rib chiqilmoqda. Agar loyiha ma’qul kelib, moliyalashtiriladigan bo‘lsa, O‘zbekistondagi qog‘oz sanoatiga katta hissa qo‘shiladi. Ya’ni arzon mahsulotdan qimmatbaho ofis qog‘ozi ishlab chiqilishiga erishiladi. Bu kabi loyiha va innovatsion g‘oyalarimiz ko‘p. Eng muhimi, ularning ustida ishlash va amalga oshirish uchun keng shart-sharoitlar yaratib berilayotgani bizga yanada motivatsiya bermoqda, — deydi qahramonimiz.
Ma’lumki, «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi. Izlanishlardan to‘xtamaydigan Dilmurod Tojiyev ham «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani uning mas’uliyatini yanada oshirib, intilishlariga qanot bag‘ishlamoqda.
— Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganimdan juda xursand bo‘ldim, — deydi Dilmurod. — Ushbu davlat mukofotini ham imkoniyat, ham rag‘bat, ham mas’uliyat deb bilaman. Chunki mukofotga loyiq ko‘rildingmi, buni oqlash kerak, unga haqiqatdan ham munosibligingni yanada ko‘rsatishing lozim. Buning uchun, albatta, o‘z ustimda yanada mukammal ishlashga, yangi g‘oya va ishlanmalarim bilan yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shishga harakat qilaman, — deydi mard o‘g‘lon.
Ha, yoshlar mamlakati bo‘lgan O‘zbekistonda iqtidorlilar uchun imkoniyatlar eshigi ochiq. Faqatgina bu imkoniyatlardan unumli foydalangan holda bilimlarni kengaytirish, ilm-fan bilan mashg‘ul bo‘lish, innovatsion g‘oya va ishlanmalarni hayotga tatbiq etishga astoydil harakat qilish lozim. Bu borada yurtimizning umidli yoshlaridan biri bo‘lgan Dilmurod Tojiyev o‘z tengdoshlariga motivatsiya, namuna bo‘lsa ajabmas.
Muhtarama Komilova, O‘zA