Mukofot yanada mas’uliyat yuklaydi
Prezidentimizning farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yillik bayrami arafasida yurtimiz mustaqilligini mustahkamlashga va uni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi, jamoat ishlarida faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi.
Buxoro viloyatidan ham 15 nafar faol davlatimizning ana shunday yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Taqdirlanganlar safida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar xodimlari, ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ilg‘orlari, ilm-fan, ta’lim sohalari fidoyilari, huquq-tartibot idoralari vakillari, harbiy xizmatchilar, jasoratli vatandoshlarimiz va mahalla tizimi xodimlari bor.
Buxoroda mukofotlarni o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar, sektorlar rahbarlari, davlat va jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov yig‘ilganlarni mustaqillik bayrami bilan qutladi. Mukofotlanganlarni xalqimiz va davlatimiz rahbariyatining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lganliklari bilan samimiy muborakbod etdi. Ushbu e’tirof yurtimizda inson sha’ni, qadr-qimmati yuksak qadrlanishi, mustaqilligimizni mustahkamlash, Vatan taraqqiyoti, sog‘lom avlod tarbiyasi, yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimizning mehnati hech qachon e’tibordan chetda qolmasligining o‘ziga xos namunasi ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-19004]
–-Davlat rahbari tomonidan mening kamtarona mehnatim yuksak orden bilan mukofotlandi, –deydi II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi, Buxoro davlat universitetining O‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi professori Mehriniso Abuzalova. –Bu mukofotni mening jamoamga berilgan mukofot deb bilaman. Bu menga yana ham mas’uliyat yukladi. Yosh avlodni tarbiyalashda bilimimni ayamayman.
Tadbirda davlat mukofotlari – faxriy unvonlar, orden va medallar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari