"Mukofot menga faxr va mamnuniyat hissini bag‘ishladi"
Zamondoshlarimiz
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida bir guruh fidoyi, o‘z ishining ustalari bo‘lmish ayollarga mamlakatimizning yuksak mukofotlari topshirildi. Prezidentimizning farmonlari bilan mukofotlanganlar orasida ustoz jurnalist, “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Odilova ham bor bo‘lib, unga 2-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni berildi. F.Odilovani suhbatga chorladik.
– Feruza opa, bolalik paytlaringiz qanday o‘tgan? Shu haqda so‘zlab bersangiz.

–Bolaligim juda ham ajoyib o‘tgan. 1965-yil 29-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilganman. Ota-onam ziyoli insonlar bo‘lishgani uchun bizning ham o‘qishimizga, ta’lim olishimizga katta e’tibor qaratishgan. O‘zlari yetimlikda katta bo‘lishgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bizni ham oilaning, ota-onaning qadriga yetishga o‘rgatishgan. Hech narsaga zoriqtirmay, bekamu ko‘st ulg‘aytirishga harakat qilishgan.
Otamning kattagina kutubxonasi bor edi. Undan qo‘shnilarimiz ham bemalol foydalanishardi. Aksariyat kitobxonlar kitoblarni o‘z vaqtida qaytarishmasdi. Men esa pishiqqina bo‘lgan ekanmanmi, “o‘qib bo‘ldingizmi” deb so‘rayverib, ularni bezor qilib yuborardim, kitobimizni qaytarib olmaguncha tinchimasdim. Shunday paytlarda otam menga: “kitob yoqqan bo‘lsa, o‘zida olib qolaversin, so‘ramagin”, deb tanbeh ham berardilar. Maktabimizning yuqori sinflarida o‘qiydigan qo‘shni bolalar ham tez-tez kitob so‘rab kelishardi. Ular kitobni ertasi kuniyoq qaytarib olib kelishsa, menda savol tug‘ilardi: “Kitobni rostdan o‘qishdimikin yoki shunchaki olib, qaytarib berishdimi?”. Savolimga javob topmaguncha ko‘nglim joyiga tushmasdi, o‘qigan kitoblarining mazmunini so‘rayverib, holi-joniga qo‘ymasdim.
– Ta’lim olgan yillaringiz haqida ham aytib o‘tsangiz. Albatta, insonning kamolga yetishida ushbu davrning o‘rni beqiyos, g‘oyat qimmatli.
– Beshqayrag‘och mahallasida 197-maktab bor. O‘sha maktabni kumush medal bilan tugatganman. Sinfdoshlarimning deyarli hammasi yaxshi o‘qishgan. Shundanmi, maktabni bitirishgach, institut, universitetlarda o‘qishib, oliy ma’lumotli bo‘lishdi. O‘shanda biz bitiruvchilarning 2 tasi oltin, 9 tasi kumush medal bilan taqdirlanishdi. Bunda albatta bilimli, talabchan ustozimiz O‘g‘iloy opaning hissasi katta edi. Muvaffaqiyatlarimiz zamirida ustozimizning mehnatlari, chekkan zahmatlari yotadi. To maktabni tamomlagunimizcha O‘g‘iloy opaning nazoratida bo‘lganmiz. Kimdir fan olimpiadalarida, tanlovlarda g‘olib bo‘lsa, albatta, opaning mehnatlari e’tirof etilardi. Aksincha, sho‘xlik qilgan bolalarni jazolash uchun ham yana O‘g‘iloy opaning oldiga olib borishardi. Biz uchun ustozimizni xafa qilish katta fojea edi. Shuning uchun ham barchamiz maktabimizning ichki tartib-qoidasiga amal qilishga harakat qilganmiz.

Maktabni tugatgach, hujjatlarimni ToshDU (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) ning o‘zbek filologiyasi fakultetining kechki bo‘limiga topshirganman. O‘sha paytda kechki bo‘limdagi talabalarning ishlashlari shart edi. Shuning uchun, 2-kursdan “Tong yulduzi” gazetasida (o‘sha paytda “Lenin uchquni” nomi bilan yuritilardi) ishlay boshlaganman. Ustozlarimiz yaxshi kutib olib, sohaning sir-asrorlarini o‘rgatishgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar Jabbor Razzoqov, Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Umida Abduazimova, To‘lqin Hayitov, “Shuhrat” medali sohiblari Turob Niyoz, Feruza Jalilova, jurnalistlar: Farrux Rahimov (Alloh rahmat qilsin), Yoqut Rahimova, Rustam Ro‘zmatov, Akrom Berdimurodov, Dildora Turaxmetova, Ra’no Kamolova, eh-he, bu ro‘yhatni yana uzoq davom ettirish mumkin...
Men bugun nimagaki erishgan bo‘lsam, ana shu ustozlarimning mehri, e’tibori, hayot yo‘llarimni yorituvchi ilmi, ziyosi tufaylidir. Men ulardan behad minnatdorman!
Mana endi o‘zimiz ham shogirdlar yetishtiryapmiz. Bor bilim-malakalarimizni ularga chin dildan o‘rgatyapmiz.
– Ijodingiz haqida ham suhbatlashsak. Qanday kitoblar yozgansiz?
– Bilasiz, bor hayotim, ishim bolalar bilan bog‘liq. Shundanmi, yozganlarim ham asosan ular haqida. Shu paytgacha “Uyimizning devori” nomli hikoyalar, “Olti dona yong‘oq” nomli hikoya va ertaklar hamda “Uyg‘oq tuyg‘ular” nomli hikoyalar to‘plamlarim nashr qilingan.

– “Tong yulduzi” gazetasi tarixiga oid kitoblar ham bor ekan. Mazkur kitoblar haqida ham aytib o‘tsangiz.
– 2024-yilda “Tong yulduzi” kutubxonasi loyihasida gazetaning 95 yilligiga bag‘ishlab, “Tong yulduzi yoritgan olam” nomli kitobimiz kirill va lotin alifbolarida chop etildi. Unda “Tong yulduzi” gazetasida uzoq yillar davomida nashr etilgan eng sara materiallar jamlangan, Bundan tashqari, ushbu to‘plamdan elimizga yaxshi tanish shoir va yozuvchilarimizning o‘quvchilik davridagi ijodiy ishlari ham o‘rin olgan.
Ushbu loyiha doirasidagi “Bolalik kunlarimda...” deb nomlangan ikkinchi kitob esa joriy yilda nashrdan chiqdi. Kitobni o‘qir ekansiz, unda elimizning taniqli insonlari: olim, san’atkorlari, shuningdek, jurnalist, shoir va yozuvchilarining bolalik xotiralari bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘lasiz.
– Endi “Tong yulduzi” gazetasi va shaxsan o‘zingiz olgan mukofotlar haqida gapirib bersangiz?
– Avvalo gazetamizning erishgan natijalari haqida aytib o‘tsam. Gazetamiz 2023-yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan. Bundan tashqari, 2023-yilda gazetamiz tahririyati jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” milliy xalqaro tanlovining bosma nashrlar yo‘nalishi bo‘yicha “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” nominatsiyasida 3-o‘rinni egalladi. Bu mukofot biz uchun juda kutilmagan bo‘lgan. Chunki e’lon qilinmaguncha g‘olib bo‘lganimizni bilmaganmiz.
Shaxsan o‘zim olgan mukofotlarga kelsam, 2025-yilda “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” nominatsiyasi bo‘yicha respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldim va o‘sha yilning o‘zida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandim. Hozir O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining a’zosiman.
Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida bir qator xotin-qizlarimiz mukofotlanishdi. Shu o‘rinda menga ham Prezidentimizning shaxsan o‘zlari 2-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordenini topshirdi. Bu mukofot menga faxr va mamnuniyat hissini berdi va shu bilan birga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Biz endi bundanda ko‘proq natijalarga erishishimiz, yanada ko‘proq ishlar qilishimiz lozim bo‘ladi.
Akbar Po‘latov suhbatlashdi.
O‘zA