Mukofot kishiga masʼuliyat yuklaydi
Bugun matbuotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.
Bugun matbuotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.
Taqdirlanganlar orasida “Kitob dunyosi” gazetasining oʻzbek adabiyoti boʻlimi muharriri Rahmat Bobojon ham bor. U OʻzA muxbiriga taassurotlari haqida soʻzlab berdi:
–Ijodkor uchun muxlis eʼtirofidan-da yuksak mukofot yoʻq, aslida. Koʻpam tanlov, musobaqalarga hujjatlarimni topshiravermayman. “Mard oʻgʻlon”ga ikkilana-ikkilana hujjatlarimni taqdim etgandim. Orada sinovli kunlar boshlandi, bu yogʻi karantin, ishlar sekin-asta davom etaverdi. Gazetamizda ish qizgʻin. Hatto mukofotga hujjat topshirganim ham esimdan chiqdi...
Bugun ertalabdan telefonimga qoʻngʻiroqlar, tabriklar keldi. Hozir ham telefonim tingani yoʻq. Ochigʻi, kutmagan edim. Avvallari, odamlar mukofot olganda OAV xodimlariga intervyu bersa kutmagandim, kutilmaganda boʻldi, desalar nahotki kutmaydi, olishini avvaldan bilardi-ku, degan fikrlar xayolimdan oʻtardi. Yoʻq unaqa emas ekan. Menda ham shu holat boʻldi.
“Kitob dunyosi” gazetasida ishlab imkoniyatlarim yana-da kengaydi. Sheʼriyat bilan birgalikda badiiy tarjimada ham oʻzimni sinab koʻrdim. Ozarbayjon, turk va rus tillaridan tarjimalar qildim. OAV da eʼlon qilib, ustozlar eʼtirofiga, tengdoshlar olqishiga sazovor boʻldim.
Ijodkor ahli oddiy eʼtibordan koʻngli togʻdek koʻtariluvchi kishi boʻladi. Sheʼrimizni kimdir eʼtirof etsa, maqtasa, ana shu bizga ilhom beradi. Ijod olamidagi ishlarimiz hukumat tomonidan eʼtiborga olinsa, bu bizni yana-da gʻayrat bilan ishlashga, jamiyat taqdiri uchun kuyinishga undaydi.
Mukofot kishiga masʼuliyat yuklar ekan. Hozirdan orzular roʻyobi haqida oʻylashga, qadamlarni dadil tashlashga harakat qilyapman.
Bu mukofot shu vaqtgacha qilgan ishlarim uchun emas, kelajakda oʻzbek adabiyotini kengroq tarannum etishim, uni yana-da boyitishim uchun berildi, deb oʻylayman.