Muhtasham ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi butun Farg‘ona rivojida yangi davrni boshlab beradi
Marg‘ilon shahrida “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari Farg‘ona ahlini ushbu tarixiy voqea bilan samimiy tabriklab, majmua nafaqat Marg‘ilon, balki butun Farg‘ona vodiysi ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda Farg‘ona viloyatini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi izchil amalga oshirilmoqda. Qo‘qonda aeroport qayta tiklandi, Marg‘ilon va boshqa shahar-tumanlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, ta’lim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, IT-parklar, “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivlari barpo etilmoqda.



Bu ishlar aholi uchun qulay mehnat va turmush sharoitini yaratish, inson qadrini ulug‘lash va hududlarga Yangi O‘zbekiston ruhini olib kirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Farg‘ona viloyati so‘nggi yillarda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlarga ham mezbonlik qilayotganini ta’kidladi. Qo‘qonda xalqaro hunarmandchilik festivali, Rishtonda kulolchilik anjumani o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan. Markaziy Osiyo mamlakatlarining hududlararo hamkorlik forumlari ham Farg‘onada muvaffaqiyatli tashkil etilmoqda.
So‘nggi yillarda milliy me’morchilik yechimlari asosida, tarixiy va zamonaviy an’analarni uyg‘unlashtirgan yirik turizm majmualari barpo etilmoqda. Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi ishga tushirildi. Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham bu borada ulkan qadam bo‘ldi.



Ushbu markaz ekspozitsiyasida Farg‘ona tarixiga alohida o‘rin ajratilgani, to‘rt yirik portaldan biri Qo‘qon portali deb atalgani, Birinchi Renessansning buyuk namoyandalari – Ahmad Farg‘oniy va Burhoniddin Marg‘inoniy merosi atroflicha yoritilgani qayd etildi.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga 3 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, turizm eksporti 1,1 milliard dollardan oshdi.
Davlatimiz rahbari Farg‘ona zaminining boy ma’naviy va madaniy merosiga alohida to‘xtaldi. Uvaysiy, Nodira, Anbar otin, Dilshod Barno, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Charxiy, Sobir Abdulla kabi shoir va adiblar, Aziz Qayumov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Umarali Normatov, Anvar Obidjon kabi olim va ijodkorlar xalqimiz ma’naviy xazinasiga ulkan hissa qo‘shgani ta’kidlandi.



O‘zbek san’ati va madaniyati ravnaqiga Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg‘unboyeva, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov kabi ulug‘ san’atkorlar beqiyos hissa qo‘shgani qayd etildi.
Prezidentimiz san’at ahlining mehnati va iste’dodini qadrlash, ularning ijodiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish borasida katta ishlar rejalashtirilayotganini bildirdi. Sherali Jo‘rayev va Farrux Zokirov maktablari tashkil etilgani, kelgusida farg‘onalik ustoz san’atkorlarning ham mahorat maktablari ochilishi ma’lum qilindi.
Davlatimiz rahbari “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi Farg‘ona rivojida yangi davrni boshlab berishini qayd etdi.



Milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgan 35 gektarlik majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adib va san’atkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalarini o‘z ichiga oladi.
Majmua Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz bu muhtasham obida Yangi O‘zbekiston mo‘’jizalari qatoridan munosib o‘rin egallab, Farg‘ona viloyatining tashrif qog‘ozlaridan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.



– Biz ushbu majmuani aynan Marg‘ilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar ko‘plab ilm va ma’rifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlug‘ maskan “Ma’rifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan.
Biz ana shunday qudratli ma’naviy merosimizga tayanib, Marg‘ilon, butun Farg‘ona tarixining shon-sharaf kitobiga yangi sahifalar bitmoqdamiz. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari majmuani bunyod etishda ishtirok etgan olim va loyihachilar, muhandis va quruvchilar, ishchi-xizmatchilar hamda ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi.
Marosim katta konsert dasturi bilan davom etdi. Folklor-etnografik jamoalar hamda san’atkorlarning chiqishlari, milliy o‘yin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.



