Muhtasham adabiyotning kamtarin shoiri
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Mirtemir tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ishtirokchilari dastlab poytaxtimizdagi “Chig‘atoy” qabristoniga borib, ustoz ijodkorlar, shu jumladan, O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir domla mangu qo‘nim topgan maskanni ziyorat qildi.
Hassos shoir ijodiga bag‘ishlangan anjumanga adabiyotshunoslar, olimlar, shoirlar, talaba-yoshlar, Mirtemirning yaqinlari, qarindoshlari taklif etildi.
[gallery-23598]
Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo Mirtemir haqiqatga, o‘z e’tiqodiga, adabiyotga sadoqati, erkin so‘ziga ega qalamkash, qattol tuzum davrida ko‘plab shogirdlarga mehr va e’tibor ko‘rsatgan ijodkor sifatida g‘oyat qadrli ekanini ta’kidladi.
– Mirtemir bir umr o‘z xalqining dardi va uning armonlari bilan yashab ijod qilgan shoirdir, – dedi uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. – O‘tgan XX asr adabiyotining ustoz Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor singari vakillarini qanday hurmat va ehtirom bilan yodga olsak, ustoz Mirtemir ham ana shunday zabardast ijodkorlar bilan bir safda bo‘lgan betakror qalamkash edi. Domla farishtadek xokisor, oddiy, insof-diyonatli, kamtarin, yosh ijodkorlarga, umuman, odamlarga juda mehribon inson edi. Davrlar o‘tdi, lekin Mirtemirning navolari o‘sha-o‘sha. Ustoz Mirtemirning ijodi xalq ijodiyoti, merosidan to‘yingan edi. Uning she’rlari bugungi yorug‘ kunlarning orzusi, ilhaqligi bilan yozilgan ijod namunalaridir.
Adabiy anjumanda O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Sher, adabiyotshunos olim Suvon Meli, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, atoqli shoira Sharifa Salimova, yozuvchi va publitsist Olmosxon Ahmedova, adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov Mirtemirning nechog‘li xalqparvar, shogirdparvar, kamsuqum va ayni paytda ijodi uncha-muncha shoirlardan bir emas, bir necha pog‘ona baland shoir bo‘lganini alohida e’tirof etdi.
– Mirtemir domladek sodda, samimiy, xokisor, qalbi ummonlarga teng ijodkorni topish mushkul, – dedi atoqli shoira Sharifa Salimova. – Domla shoir, yozuvchi va shu bilan birga mohir tarjimon ham edilar. Ularning bir qator tarjima she’rlari adabiyotga muxlis bo‘lgan insonlarning hamon qalbida o‘rnashib qolgan. 60-yillarda g‘amgin ruhdagi she’rlarni nashr etish tavsiya etilmasdi. Mirtemirning o‘z onasiga bag‘ishlangan “G‘ashlik” she’ri bir necha joylarda chop etilmay qoladi. Aslida bu she’r onalarga bo‘lgan mehr va iztirobga limmo-lim edi. She’r nomlanishi muallifning roziligi bilan Zulfiya tomonidan “Onaginam” deb o‘zgartiriladi va u “Saodat” jurnalida bosib chiqariladi.
– O‘tgan asrning 70-yillarida Til va adabiyot instituti adabiyot markaziga aylangan edi, – dedi adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov. – Mirtemirning o‘zi yozgan ijod namunalaridan ko‘ra, tarjima asarlari ko‘p. Bu ham bo‘lsa, o‘sha zug‘umli tuzumning ijodkorlar boshiga solgan og‘ir kunlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Negaki, ijodkorning har bir satridan yo‘q yerdagi ayblarni topish o‘sha zamonga xos edi. Mirtemir domla she’riyat namunalarini o‘z asliyatidan ham yuksakroq darajada tarjima qilar edilar.
Darhaqiqat, shoirning farzandi Mirzo Tursunovning aytishicha, 80-yillar boshida Mirtemir xonadoniga atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov tashrif buyuradi. U “Manas” dostonini Mirtemir asliyatidan ham yaxshi va mukammal tarjima qilganini alohida minnatdorlik bilan e’tirof etgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mirtemir Umirbekovich Tursunov 1910 yil 30 mayda Qozog‘istonning Chimkent viloyati, hozirgi Turkiston tumanining Iqon qishlog‘ida tug‘ilgan. Shoir Mirtemir taxallusi ostida ijod qilgan. Eski tartibdagi maktabda o‘qigan, 1921-1923 yillar Toshkentdagi Almaiy nomidagi maktab-gimnaziyada tahsil olgan.
1932 yil Samarqanddagi Pedagogika akademiyasining ijtimoiy-adabiyot fakultetini tamomlagan. 30-yillarning qora ko‘lankasi uning ham boshiga ko‘p og‘ir kunlarni solgan. Mirtemir noma’lum sabablarga ko‘ra, qatag‘on qilingan.
Tez orada ozod etilgan, nashriyotlarda, teatrda, gazetada muharrir bo‘lib ishlagan. U turli o‘quv muassasalarda dars bergan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi maslahatchisi bo‘lgan. Shoir bu yorug‘ olamni 1978 yil yanvar oyida tark etgan. 1979 yilda Mirtemir “Tog‘day tayanchim” asari uchun Hamza nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra, 2001 yil “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
Uning “Shu’lalar qo‘ynida” (1928), “Qaynashlarim” (1931), “Poytaxt” (1936), “Qasd” (1944), “Yangi she’rlar” (1947), “Saralangan asarlar” (1958) va boshqa kitoblari, “Meni esla”, “Aytishlaricha, shahrimda bir go‘zal bor”, “Kipriklarim”, “Seni bezovta qilmayman”, “Portret”, “G‘alaba” (1929), “Bong” (1932), “Barot” (1930), “Xidir” (1932), “Dilkusho”, “Suv qizi” (1937), “Oysanamning to‘yida” (1938), “Ko‘zi” (1939) kabi she’rlari adabiyotning chin muxlislariga yaxshi tanish. Mirtemir Pushkin, Nekrasov, Rustaveli, Abay, Maxtumquli va Berdaqlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Anjumanda Mirtemir ijodi haqida batafsil so‘z yuritildi. Shoirning farzandlari va nevaralari ijodkor xotirasini ardoqlash borasidagi e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA