Muhokama markazida XIX Osiyo o‘yinlari
2022 yil 10-25 sentyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkaziladigan XIX Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasining birinchi brifingi o‘tkazildi.
Tadbirda musobaqa tashkiliy qo‘mitasi a’zolari, Osiyo olimpiya kengashi mutasaddilari, Xanchjou shahar ma’muriyati, Xitoy olimpiya qo‘mitasi vakillari, qit’aning yetakchi sport jurnalistlari, telekanal vakillari ZOOM platformasi orqali qatnashdi.

Xanchjou-2022 o‘yinlariga bag‘ishlangan birinchi brifingda mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati hamda sportga ixtisoslashgan yetakchi telekanal vakillari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda olympic.uz sayti.
Brifingda tashkiliy qo‘mita mutasaddilari yana bir yildan so‘ng start oladigan qit’a o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, musobaqa dasturiga kiritilgan sport turlari, bahslar o‘tadigan sport majmualari, transport va logistika tizimi, media-markaz va boshqa bir qator sohalar haqida ma’lumot berdi.

Xanchjou-2022ning o‘tgan to‘rt yillik o‘yinlardan farqi, mazkur Osiyo o‘yinlarida ilk bor Okeaniya mintaqasi davlatlari ishtirok etadi.
Ma’lum qilinishicha, marosimlar muxlislarning yodida qolishi uchun Xitoy kino va teatr sohasining tajribali mutaxassislari o‘yinlarga jalb etiladi.
Brifingning ilk kuni davomida XIX Osiyo o‘yinlari jarayonida ishtirokchilar uchun Xitoyga kirish-chiqish tizimini soddalashtirish, yaratilayotgan qulayliklar haqida ham fikrlashildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA