Muhojirlar ovi boshlanadimi?
Janubiy Afrikaning bir necha shahrida muhojirlarga qarshi norozilik ortidan hayot deyarli to‘xtab qoldi. Ko‘plab korxonalar ishlamayapti, do‘konlar yopildi, jamoat transporti harakati cheklandi. Namoyishchilar mamlakatda noqonuniy yashayotgan chet elliklar uchun belgilagan muhlat tugaganini e’lon qilgach, vaziyat yanada taranglashdi.
Afrikaning boshqa davlatlaridan kelgan minglab odam ishga chiqishdan qo‘rqyapti. Ayrimlar ehtimoliy hujumdan xavotirlanib, namoyish boshlanishidan oldinroq yashash joyini tark etgan. Yoxannesburg va Durban kabi yirik shaharlarda qo‘lida tayoq ushlagan olomon ko‘chalarga chiqqan.
Aprel oyidan buyon davom etayotgan tartibsizlik oqibatida kamida besh kishi halok bo‘lgan. Minglab inson turar joyini tark etgan, ko‘plab bino va mulkka zarar yetgan. Huquq himoyachilari ta’kidlashicha, hujum chog‘ida qonuniy hujjatga ega muhojirlar bilan noqonuniy kelganlar farqlanmayapti.

Namoyishchilar chet elliklarni ish o‘rni egallab olinishi, jinoyatchilik o‘sishi va ijtimoiy xizmatga bosim kuchayishida ayblamoqda. Tadqiqotchilar bunday da’voni tasdiqlaydigan yetarli dalil mavjud emasligini aytgan. Shunga qaramay, yuqori darajadagi ishsizlik va iqtisodiy qiyinchilik jamiyatdagi norozilikni kuchaytirmoqda.
Hukumat tartibsizlikning oldini olish uchun minglab politsiya xodimini safarbar qildi. Prezident Siril Ramafosa aholining migratsiya bilan bog‘liq xavotiri o‘rinli ekanini tan olgan holda, norozilik zo‘ravonlik va tahdidga aylanmasligi kerakligini ta’kidladi. Kuzatuvchilar esa yuzaga kelgan vaziyat mamlakatning inson huquqi borasidagi obro‘siga jiddiy soya tashlayotganini qayd etmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA