Mudom yangrab tursin o‘zbek degan nom
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida “Kitobxon onalar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar hamda hududiy axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari ishtirok etdi.
Ma’lumki, joriy yilning 1-iyun kuni davlatimiz rahbarining tegishli farmoni asosida yurtimiz ijodkor ziyolilarining katta guruhi Vatanimizning yuksak orden va medallari, unvonlari bilan taqdirlangan edi. Ular safida mamlakatimizning bir guruh ijodkor ayollari ham borligi diqqatga sazovor.

Milliy kutubxonada tashkil etilgan “Mudom yangrab tursin o‘zbek degan nom” shiori ostida o‘tgan tadbirda Prezidentimiz tomonidan madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida mukofotlangan ijodkorlar taklif etildi.

Ma’rifiy tadbirda shoira va adibalarimizning xalq ma’naviyatini yuksaltirish, milliy madaniyatimizni dunyoga tanitish va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissalari alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilish hamda gender tengligini ta’minlash yo‘lidagi xizmatlari bilan ajralib turgan ayollarning o‘rni ta’kidlandi.
Mukofot sohibalari ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va yuksak ishonch uchun minnatdorlik bildirib, bu e’tirof ularni yanada samarali ijod qilishga undashini qayd etdi.
N.Usmonova,
O‘zA